Bo‘zatovlik o‘quvchilar uchun taassurotlarga boy sayohat boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tumaniga avvalgi tashrifi chog‘ida bilimga intilishi va faolligi bilan ajralib turgan o‘quvchilar uchun Toshkent shahriga sayohat tashkil etishga va’da berilgan edi.
Ushbu tashabbus Prezidentimiz tomonidan o‘quvchilarning bilim va dunyoqarashini kengaytirish uchun yaratib berilgan imkoniyatlar asosida amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova bugun o‘qish, fan olimpiadalari va sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan bo‘zatovlik o‘quvchilarni poytaxt sari kuzatar ekan, ularga mazmunli va maroqli safar tiladi. Vazir bunday tashriflar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirib, yangi bilimlarni egallash, o‘rganish va izlanishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishini ta’kidladi.
Ta’lim, madaniyat va dam olishni uyg‘unlashtirgan dastur doirasida o‘quvchilar Islom sivilizatsiyasi markazi, Amir Temur muzeyi, Respublika bolalar kutubxonasi, O‘zbek Milliy akademik drama teatri, Yangi O‘zbekiston bog‘i hamda “Magic City” majmuasiga tashrif buyuradi.
Safardan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘quvchilarning dars jarayonida olgan bilimlarini mustahkamlash, tarixiy va madaniy merosimiz haqidagi tasavvurlarini boyitish, kitobxonlik va san’atga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishdan iborat.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri