Bojxona va tadbirkor muloqotida muammolar o‘rganildi
Mamlakatimizda bojxona organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlagan holda, ularning eksport salohiyatini oshirish va sohada yuzaga kelayotgan to‘siqlarni bevosita joyida o‘rganish tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Yaqinda Bojxona qo‘mitasining Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i A.Ismailovning navbatdagi sayyor uchrashuvi «MAVIS GLOBAL» mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur korxona bugungi kunda qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish va ularni nafaqat ichki bozorga, balki bir qator xorijiy davlatlarga yetkazib berish borasida yuqori ko‘rsatkichlarga erishib kelmoqda. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, korxona tomonidan 2025-yil davomida umumiy qiymati 444 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlar eksport qilingan. Joriy 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida esa bu ko‘rsatkich allaqachon 270 ming AQSH dollaridan ortdi. Bu esa mahalliy mahsulotlarimizning tashqi bozordagi raqobatbardoshligi tobora oshib borayotganidan dalolat beradi.
Muloqot davomida korxonaning bugungi faoliyati, mahsulot ishlab chiqarish jarayonlari va tashqi savdo operatsiyalari davomida yuzaga kelayotgan texnik hamda huquqiy muammolar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, tadbirkorlarga ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va xomashyo importida yengilliklar beruvchi «bojxona hududida qayta ishlash» rejimi, uning afzalliklari va qo‘llash mexanizmlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Uchrashuvning muhim qismida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonining mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tildi. Mazkur tarixiy hujjat bilan tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilayotgan yangi imtiyozlar, bojxona jarayonlarini raqamlashtirish va ortiqcha byurokratiyani cheklash borasidagi islohotlar yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar eksport hajmini yanada oshirish va ishlab chiqarishni kengaytirish uchun bojxona va tadbirkor o‘rtasidagi doimiy muloqotni mustahkamlashga kelishib oldi. Zero, bojxona nafaqat nazorat qiluvchi organ, balki eksportchi uchun ishonchli ko‘makchi va tayanch ekanligi yana bir bor amalda o‘z ifodasini topdi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA