Zamonaviy media va milliy tafakkur uyg‘unligi
Shu kunlarda (12–15-may) qadimiy Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Jurnalistlar uyushmasi hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan Media haftalikning navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu yirik media loyiha mamlakatimizda zamonaviy jurnalistika, raqamli kommunikatsiya va sifatli kontent yaratish madaniyatini yanada rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ko‘hna va boqiy Buxoro azaldan ilm-ma’rifat, tafakkur va madaniyat markazi sifatida dunyoga tanilgan. Bugun esa shahar nafaqat boy tarixiy merosi, balki uni zamonaviy media tili orqali keng auditoriyaga yetkazishga intiluvchi ijodkorlari bilan ham alohida e’tibor qozonmoqda. Media haftalik aynan shu tarix va zamonaviylik uyg‘unligini namoyon etayotgan muhim maydonga aylanmoqda.
Haftalik doirasida jurnalistlar, axborot xizmati xodimlari, blogerlar, mobilograflar va yosh kontent yaratuvchilar uchun turli yo‘nalishlarda mahorat darslari va amaliy treninglar tashkil etilmoqda. Xususan, strategik kommunikatsiya, media etikasi va qonunchilik, faktcheking va axborotni verifikatsiya qilish, sun’iy intellektdan kontent tayyorlashda foydalanish, SMM strategiyalari, vizual storitelling, mobilografiya, montaj hamda ijtimoiy tarmoq algoritmlari bilan ishlash bo‘yicha amaliy bilimlar berilmoqda.
[gallery-29373]
Treninglar sohaning malakali ekspertlari va amaliyotchi mutaxassislari tomonidan interaktiv formatda olib borilayotgani ishtirokchilar uchun alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu jarayonda qatnashchilar nafaqat nazariy bilim, balki zamonaviy media muhitida samarali faoliyat yuritish uchun zarur bo‘lgan amaliy ko‘nikmalarni ham o‘zlashtirmoqda. Natijada ular axborotni tezkor, aniq va ta’sirchan shaklda auditoriyaga yetkazish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
–Bugun axborot maydonidagi keskin o‘zgarishlar jurnalistlardan yanada katta mas’uliyat va sergaklikni talab qilmoqda, –deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limi raisi Gulshoda Ibrohimova. –Bugun jurnalist faqat xabar yetkazuvchi emas, balki jamoatchilik fikriga ta’sir ko‘rsatuvchi muhim shaxs sifatida maydonga chiqmoqda. “Media haftalik” kabi amaliy loyihalar aynan shu ehtiyojdan kelib chiqqan holda tashkil etilmoqda. Bu tashabbus buxorolik jurnalistlar, blogerlar va matbuot kotiblari uchun o‘ziga xos bilim va tajriba muhitini yaratdi. Buxoro jurnalistikasida so‘zga ehtirom, fikrga mas’uliyat an’anasi azaldan shakllangan. Bugun esa ushbu an’analar raqamli jurnalistika bilan uyg‘unlashib, yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Bu kabi media loyihalar jurnalistlarning faktcheking, raqamli jurnalistika va axborot xavfsizligi bo‘yicha ko‘nikmalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi, Media haftalik turli avlod vakillarini birlashtirib, jonli muloqot va tajriba almashish muhitini yaratmoqda.
–Bugungi axborot muhitida ishonchli va xolis kontentning ahamiyati tobora ortib bormoqda, –deydi “Istiqlol” teleradiokompaniyasi muharriri Zilola Xudoyqulova. –Bugun nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda deyarli har bir inson qo‘lida internet orqali istalgan vaqt va istalgan joyda axborot olish imkonini beruvchi mobil telefon bor. Ammo, afsuski, ushbu axborotlarning barchasi ham tekshirilgan va ishonchli emas. Shu bilan birga, jamiyat uchun foydali va mamlakatimiz nufuzini ijobiy targ‘ib qilayotgan blogerlar ham ko‘paymoqda. Har birimiz — jurnalist bo‘lamizmi yoki bloger — jamiyat va davlat oldidagi mas’uliyatimizni chuqur his etishimiz kerak.
Media haftalik Buxoroda nafaqat bilim almashish, balki yangi g‘oyalar shakllanadigan, ijodiy hamkorliklar mustahkamlanadigan va media sohasida yangi tashabbuslar tug‘iladigan muhim platformaga aylanmoqda. Ushbu tashabbus orqali hududda axborot bilan ishlash madaniyatini yangi bosqichga olib chiqish, raqobatbardosh va zamon talablariga javob beradigan kontent yaratuvchilar avlodini shakllantirish maqsad qilingan.
Shu tariqa, ko‘hna shahar Media haftalik karvonini munosib qarshi olar ekan, o‘zining boy ma’naviy merosi, intellektual salohiyati va zamonaviy mediaga ochiq yondashuvini yana bir bor namoyon etmoqda. Bu esa yurtimizda milliy jurnalistika va raqamli kommunikatsiya sohasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari