Bojxona nazoratiga oid qonunchilik ijrosi yuzasidan axborot berildi
2025-yilda respublika bo‘yicha chegara bojxona postlari orqali 57,7 million nafar fuqarolar harakati qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 4 foizga oshgan. Shuningdek, avtomobil o‘tkazish punktlari orqali avtotransport vositalarining harakati 19,3 foizga o‘sib, 3,9 milliontani tashkil etgan.
O‘tgan yili bojxona nazoratlari davomida 42 ming 833 ta holatda umumiy qiymati 1 trillion 145 milliard so‘mlik tovarlarning, 5 ming 960 ta madaniy boyliklarning noqonuniy aylanuviga chek qo‘yilgan. 1,8 tonna giyohvandlik vositalari, 1,1 tonna psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ushlab qolingan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Unda Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N.Musamuxammedov davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida bojxona nazorati va rasmiylashtirishga oid qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.

Eshituvda ta’kidlanganidek, chegara bojxona postlarida radiatsiya nazorati qurilmalari, mobil inspeksion-ko‘rik majmualari, inson tanasini skaner qiluvchi qurilmalar, avtotarozilar, introskoplar hamda boshqa zamonaviy texnik vositalardan samarali foydalanilmoqda.
Sohada inson omilini qisqartirish va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish borasida 60 dan ortiq turdagi elektron hujjatlar amaliyotga tatbiq etilgan, 65 mingdan ziyod foydalanuvchilar qamrab olingan hamda 18 ta muassasa bilan elektron ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. 42 ta sertifikat va ruxsatnoma hujjatlarini “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtirish imkoniyati yaratilgan.
Natijada 2022–2025-yillarda bojxona rasmiylashtiruvi vaqti 4,5 barobarga qisqargani, byudjet tushumlari esa 3 baravarga oshgani alohida e’tirof etildi. Shu bilan birga, import operatsiyalarining 81 foizi va eksport operatsiyalarining 95 foizi soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilmoqda. Bu esa tadbirkorlarning xarajatlari 10 million dollarga qisqarishiga olib kelgan.
Eshituvida sohadagi ishlar samaradorligini oshirish, parlament va deputatlik nazoratini yanada kuchaytirish yuzasidan kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
M.Komilova, O‘zA