BMTdan insonparvarlik yordami
“Saxovat koʻmagi” BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer xonim rahbarligida olib kelindi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tomonidan Sirdaryo viloyatida sodir boʻlgan “Sardoba” suv ombori toshqinidan zarar koʻrgan fuqarolar uchun joʻnatilgan insonparvarlik yordami Guliston shahriga yetib keldi.
“Saxovat koʻmagi” BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer xonim rahbarligida olib kelindi.

Guliston shahridagi Alisher Navoiy xiyobonida BMT tomonidan yuborilgan gumanitar yordamni kuzatib kelgan nufuzli mehmonni viloyat hokimi oʻrinbosari D.Madrimov, viloyat prokurori R.Masharipov va bir guruh mehnat faxriylari kutib oldi.
BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer xonim suv toshqinidan zarar koʻrganlar uchun BMT tomonidan yuborilgan koʻmakni yetkazib berayotganidan mamnunligini taʼkidladi. Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosatni, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini BMT toʻla-toʻkis qoʻllab-quvvatlashini qayd etdi.

Oʻz navbatida, viloyat hokimi oʻrinbosari D.Madrimov koʻrsatilgan bu eʼtibor va koʻmak uchun BMTga sirdaryoliklar nomidan minnatdorlik bildirdi.
BMT tomonidan Sardoba fojiasi jabrdiydalariga yuborilgan 30 ming AQSH dollarilik 4000 komplekt xoʻjalik buyumlari, shaxsiy gigiyena, antiseptik, kir yuvish vositalari va boshqa mahsulotlardan iborat insonparvarlik yordami suv toshqinidan zarar koʻrgan fuqarolarga shu kunning oʻzida yetkazildi.