Biznes nazorati yanada shaffof bo‘lmoqda
Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarga chek qo‘yish, korrupsion xavflarni kamaytirish, tadbirkorlar va davlat organlari o‘rtasidagi muloqotda shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash, shuningdek, qulay biznes muhitini rivojlantirish davlatimiz belgilab olgan siyosatning muhim ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Prezidentimizning joriy yil 17-apreldagi “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Sohaga qaratilayotgan bunday e’tibor kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushini oshirib, milliy iqtisodiyotimizni yuksaltirishga xizmat qilayotir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Surxondaryo viloyatida 32 mingga yaqin kichik biznes sub’ekti mavjud. O‘tgan yil yakuni bilan ularning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 76 foizni, sanoatda 72, qishloq xo‘jaligida 98, qurilishda 91 va xizmatlar ko‘rsatishda 74 foizni tashkil etdi. O‘n yildan ortiq faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar soni uch mingtaga, besh yildan ortiq faoliyat yuritayotganlari qariyb 8 mingtaga yetdi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining yashovchanlik darajasi ham oshib, 18 foizi uch yil va undan ortiq, 27 foizi 10 yil, o‘n yildan ortiq faoliyat yuritayotganlari 21 foizni tashkil etmoqda.
So‘nggi yillarda sohaning izchil qo‘llab-quvvatlanayotgani vohada 77 ta chempion tadbirkorni shakllantirdi. Ularning 57 tasi 5 yildan ortiq faoliyat yuritgan korxonalar bo‘lsa, 21 tasining yillik tovar aylanmasi 20 milliard so‘mdan 120 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlaridir. O‘tgan yil viloyatda tadbirkorlarga 6,6 trillion so‘m kredit mablag‘i ajratilgani ham sohani qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor samarasidir.
Mazkur farmon bilan tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirishga qaratilayotgan e’tibor ham farovon turmushimiz bunyodkorlariga ko‘rsatilayotgan yana bir g‘amxo‘rlik ifodasidir. Jumladan, ushbu hujjatda “Yagona davlat nazorati” axborot tizimini takomillashtirish belgilanib, 2026-yil 1-iyuldan boshlab amaldagi funksiyalariga qo‘shimcha ravishda yangi imkoniyatlarga ega “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi. Tadbirkorlar o‘z hududidagi tuman, shahar hokimi, mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika va soliq inspektorlari haqida ma’lumot olish hamda ular bilan maxsus chat orqali muloqot qilish imkoniga ega bo‘ladi.
O‘tkazilgan tekshiruvlar va nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlar natijasi bo‘yicha davlat xizmatchisi xatti-harakatlariga baho beriladi. Tekshirish huquqi bo‘lmagan yoki tekshiruvga chiqishi belgilanmagan nazoratchi haqida real vaqt rejimida tadbirkor xabardor qilinadi. Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnomalarning elektron shakli yuritiladi. Tekshirish o‘tkazish tartibiga rioya qilmaslik holatlarini avtomatik tarzda aniqlash joriy qilinadi. Tekshiruvlarni tadbirkorlik sub’ektidagi maxsus QR-kod yoki soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami) orqali ro‘yxatga olish yo‘lga qo‘yiladi. Tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritadigan hududda tashkil etilishi kutilayotgan davlat organlari mansabdor shaxslarining ommaviy qabullari haqida xabardor qilish tizimi yaratiladi.
Shu yil 1-avgustdan boshlab nazorat qiluvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mansabdor shaxslari va xodimlari hamda tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotni “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida hisobga olish tartibi yaratiladi. Bu tizimda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlarni, shu jumladan, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini ro‘yxatga olishni va nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlarni hisobga olishni ta’minlovchi “Biznes himoya” QR-kodi yaratilib, tekshiruvlarni ro‘yxatga olish elektron kitobining qog‘oz shakli va nazoratchilarning qog‘oz ko‘rinishidagi guvohnomalari bekor qilinadi.
Shuningdek, tadbirkor davlat xizmatchilarining xatti-harakatlariga baho berishi mumkin va tizim tekshiruv huquqi bo‘lmagan nazoratchi haqida real vaqt rejimida xabar beradi. Shu kundan boshlab tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ularning shaxsiy kabinetlari tizimda avtomatik ravishda ochiladi.
Farmon bilan insofsiz nazoratchilarga nisbatan qat’iy choralar belgilandi. Bir yil davomida bir tadbirkor bilan ikki va undan ortiq marotaba asossiz muloqotga kirishgan xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi va u 12 oy davomida shu tadbirkordagi tekshiruvlardan chetlashtiriladi. Bu taqiqni buzish tekshirish huquqini beruvchi guvohnomaning 3 oygacha to‘xtatilishiga sabab bo‘ladi. Tartibni surunkali buzuvchilar esa 6 oy muddatga “Insofsiz tekshiruvchilar reyestri”ga kiritiladi.
Farmonda tadbirkor va davlat organi o‘rtasidagi muloqotning shaffofligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, uning tartiblari ham belgilandi. Shuningdek, Biznes-ombudsmanga muhim vazifalar yuklanib, Soliq qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasi bilan shu yil 1-avgustgacha birinchi navbatda, savdo va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’ektlarini “Biznes himoya” QR-kodi bilan ta’minlash topshirildi. Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-iyulga qadar mazkur farmonda belgilangan talablardan kelib chiqib, “Yagona davlat nazorati” axborot tizimini va uning mobil ilovasini takomillashtirish, Adliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda shu yil 1-iyulga qadar tadbirkorlik sub’ekti faoliyatida noqonuniy tekshiruv o‘tkazganlik hamda tekshiruv o‘tkazish tartibini buzganlik uchun alohida ma’muriy jazo choralarini qilmishiga mutanosib ravishda belgilash, tadbirkorlik sub’ekti faoliyatida tekshiruv o‘tkazish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish orqali ushbu toifadagi qilmishni jinoiy yurisdiksiyadan chiqarish, “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali qayd etilgan tadbirkorlik sub’ekti faoliyatida tekshiruv o‘tkazish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik chorasini avtomatlashtirilgan tartibda qo‘llashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirig‘i berildi.
Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarni cheklash choralarini ko‘rish uchun shu yil 1-iyuldan boshlab tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bir vaqtning o‘zida avtomatik tarzda “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ularning shaxsiy kabineti kompozit tartibida ochiladigan bo‘ldi. “Yagona davlat nazorati” axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tmagan yoki tekshiruv o‘tkazishga asos bo‘luvchi hujjatlarni tizimga kiritmagan yoxud maxsus guvohnomaga ega bo‘lmagan nazorat qiluvchi organning xodimi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanishi, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarga, shu jumladan, jinoyat ishi doirasidagi tekshiruvlarga nazorat qiluvchi organlardan jalb qilinadigan mutaxassislar tekshiruvlarda faqat tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnomaga ega bo‘lgan taqdirda ishtirok etishi mumkinligi belgilandi. Endilikda tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’iy nazar davlat organi mansabdor shaxslari va mas’ul xodimlari tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yildi.
Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat qilishda Biznes-ombudsman Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birga 2026-yil 1-iyulga qadar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida davlat xizmatchilari hamda tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi muloqotni hisobga olish va uning monitoringini yuritish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishi va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritishi, 2026-yil 1-sentabrga qadar mazkur farmon talablaridan kelib chiqib “Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qayta ko‘rib chiqib, belgilangan tartibda uning qayta ishlangan tahririni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish kabi muhim vazifalar topshirildi.
Farmonda belgilangan vazifalarning samarali bajarilishi tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklab, nazorat tadbirlari shaffofligini oshirish va sohaning yanada rivojlanishida muhim o‘rin tutadi.
Shavkat Yaxshiqulov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari
va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil
devonining Surxondaryo viloyat sho‘’basi yetakchi inspektori.
O‘zA