Bitiruvchi talabalar bandligini ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan bitiruvchi talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda universitet rektori Baxtiyor Mardonov, Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi ijrochi direktori Mirzobek Qo‘ldoshev, “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” markazi bo‘limi boshlig‘i Shohzamon Erkinov va boshqalar so‘zga chiqib, yoshlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yoshlarning bandligini ta’minlash va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirish eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Bunda Davlatimiz rahbarining 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.
Qarorga asosan “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshirilmoqda. Ushbu tashabbus doirasida yoshlarning o‘z kasbiy faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashish, ularning tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish hamda ish bilan ta’minlanishiga amaliy yordam berish ko‘zda tutilgan.
Tadbirda mazkur dastur doirasidagi vazifalarni samarali amalga oshirish, yoshlarning moliyaviy savodxonligini yuksaltirish, ularning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida so‘z yuritilib, bitiruvchi talabalar uchun mo‘ljallangan moliyaviy imtiyozlar, kredit ajratish tartib-qoidalari, yosh tadbirkorlarning ilk biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash borasida belgilangan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
Bugungi kunda universitet tarkibida 5 ta fakultet va 21 ta kafedra faoliyat olib bormoqda. 2025-2026 o‘quv yilida kunduzgi va sirtqi ta’lim yo‘nalishlarida 25 ta bakalavriat hamda 22 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.
– Joriy o‘quv yilida oliygohimizni 1736 nafar talaba bitirishi kutilmoqda, – deydi universitet rektori B.Mardonov. – Ularni mehnat bozoriga integratsiya qilish va yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida viloyat miqyosida mehnat yarmarkalari hamda kasb ko‘rgazmalarini o‘tkazish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirlarda bitiruvchilarimiz faol ishtirok etib, malakasiga mos ish o‘rinlariga joylashishiga ko‘maklashilmoqda. Shu bilan birga, ish beruvchi tashkilotlar bilan bevosita uchrashuvlar tashkil etilib, amaliy hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi kunga kelib, 1111 nafar bitiruvchining bandligi ta’minlangan bo‘lsa, ulardan 729 nafari doimiy ish bilan band.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan bitiruvchi talabalarni saralab olish, ularning tadbirkorlik bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish, biznes rejalarini tayyorlashlariga ko‘maklashish maqsadida “O‘zmilliybank” AJ Navoiy viloyat filiali mas’ullari bilan birgalikda “Kelajakka qadam” dasturi doirasida ish olib borilmoqda.
Loyiha doirasida 2025-2026 o‘quv yilida 37 nafar talabaga biznes rejalarini amalga oshirishlari uchun 935 million so‘m miqdorida kredit ajratildi.
Uchrashuvda “Kelajak tadbirkori” loyihasi doirasida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari va yoshlarning biznes loyihalarini moliyalashtirish haqida ma’lumot berildi.
[gallery-29221]
– Bankimiz tomonidan o‘zini o‘zi band qilgan va biznesga ilk qadam qo‘ymoqchi bo‘lgan bitiruvchi talabalar va yoshlar uchun “Tadbirkorlikka ilk qadam” deb nomlangan kredit yo‘nalishimiz mavjud, – deydi “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” bo‘limi boshlig‘i Shohzamon Erkinov. – Bunda yoshlarga 20 million so‘mgacha kredit ajratilib, imtiyozli davr 6 oy qilib belgilangan. Sug‘urta polisi uchun to‘lov kredit summasidan chegirib qolinadi. “Biznes start” kredit portfelimiz esa zarur biznes ko‘nikmalariga ega, tadbirkorlik sub’ekti sifatida mustaqil biznes boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar uchun ajratiladi. Shuningdek, tadbirkor sifatida mustaqil biznes boshlagan va faoliyatini kengaytirishni maqsad qilgan talaba yoshlarga “Biznes progress”, 31 yoshga to‘lmagan talaba va yoshlarni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlar uchun “Talaba invest” kabi kredit portfellarimiz mavjud.
– Bugungi uchrashuv biz talabalar uchun har tomonlama foydali bo‘ldi, – deydi universitet talabasi Madinabonu Toyirova. – Men kelgusida Konimex tumanida o‘quv markazi ochishni rejalashtirganman. Unda ingliz tili, matematika, huquq va tarix fanlari chuqur o‘rgatiladi. Tadbirda o‘quv markazi ochish va uning faoliyatini olib borishda bank kreditlaridan foydalanish, Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan ko‘rsatiladigan amaliy yordam to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘ldim.
Uchrashuvda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan talaba yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi.
A. Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari