Bitiruvchi: ko‘nikma va malakalar sinovi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida bitiruvchi kurs talabalari tomonidan tayyorlangan bitiruv malakaviy ishlarining himoya jarayonlari davom etmoqda.
Himoya jarayoni tasdiqlangan jadval asosida fakultetlar kesimida tashkil etilib, unda Davlat attestatsiya komissiyasi a’zolari, professor-o‘qituvchilar va ilmiy rahbarlar ishtirok etmoqda.

– Tabiiy fanlar fakultetini joriy o‘quv yilida jami 240 nafar talaba bitirishi kutilmoqda. Shundan kimyo ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 58 nafar, biologiya ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 55 nafar, geografiya ta’lim yo‘nalishida 54 nafar, fizika ta’lim yo‘nalishida 31 nafar va texnologik ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 42 nafar talaba bitirmoqda, – deydi fakultet dekani Qarjaubay Reymov.

Mazkur fakultetda bitiruv malakaviy ishlarining himoya jarayoni yuqori darajada tashkil etilgan bo‘lib, talabalar o‘zlarining ilmiy izlanishlarining natijalari, tanlangan mavzuning dolzarbligi, amaliy ahamiyati, shuningdek, ishlab chiqilgan tavsiyalarni taqdimotlar orqali namoyish etmoqda. Ularni baholash jarayonida mavzuning ilmiy yangiligi, nazariy va amaliy ahamiyati, tadqiqot metodlaridan samarali foydalanilganligi, shuningdek, talabaning mustaqil fikrlashi va o‘z nuqtai nazarini asoslab bera olish ko‘nikmalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Himoya tadbirlari talabalarning egallagan bilim, ko‘nikma va malakalarini namoyon etish, ularning kasbiy tayyorgarlik darajasini aniqlash va kelgusi mehnat faoliyatiga puxta tayyorligini baholashda muhim bosqich hisoblanadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri