Birja savdolari va davlat xaridlarida shaffoflik masalalari muhokama qilindi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Respublika tovar-xomashyo birjasi bilan hamkorlikda tadbir tashkil etdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi qarori asosida tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlash doirasida Yangi O‘zbekistonda so‘nggi 10 yil davomida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini keng yoritish bo‘yicha media-reja” ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi.
Tadbir “Birjada yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar savdosi va davlat xaridlari masalalari” mavzusiga bag‘ishlandi.
Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, “O‘zkimyosanoat” AJ tizimi korxonalari, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zmetkombinat” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Navoiy KMK” AJ, “Toshkent metallurgiya zavodi” AJ hamda boshqa yuqori likvidli mahsulot ishlab chiqaruvchi va sotuvchi korxonalar, soha mahsulotlari importchilari, brokerlik idoralari va treyderlar ishtirok etdi.
[gallery-30528]
Tadbir davomida korxonalar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun birja savdolarini tashkil etish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasini tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan yangi normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, yoqilg‘i, kimyo sanoati va og‘ir sanoat mahsulotlarini birja orqali sotish, davlat va korporativ xaridlarni amalga oshirish jarayonida qoidabuzarliklarning oldini olish, savdolarda shaffoflikni ta’minlash va amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish masalalari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
N.Rahmonova,
O.Pardayev(surat), O‘zA