Ekologik xavfsizlik yo‘lida muhim qadam
Qozog‘istonda o‘tkazilgan Uran merosi ob’ektlari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi guruh — CGULSning yillik yig‘ilishi Markaziy Osiyoda ekologik xavfsizlik va radiatsion meros ob’ektlarini samarali boshqarish masalalari muhokamasi uchun muhim xalqaro maydonga aylandi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etib, mamlakatda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan natijalarni taqdim etdi.
Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari, MAGATE, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa Ittifoqi, BMT Taraqqiyot dasturi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar vakillari qatnashdi.
Yig‘ilish davomida uran merosi ob’ektlarini reabilitatsiya qilish ishlarining natijalari, ularni reabilitatsiyadan keyingi uzoq muddatli boshqarish tizimini takomillashtirish, ob’ektlar xavfsizligini ta’minlash hamda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi vakillari O‘zbekistonda uran merosi ob’ektlarini reabilitatsiya qilish va ularni postreabilitatsion boshqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot qildi. Unda “Yangiobod” hamda “Chorkesar-2” ob’ektlarida bajarilgan ishlar, radiatsion va ekologik monitoringni izchil davom ettirish, muhandislik inshootlariga texnik xizmat ko‘rsatish, ma’lumotlarni tizimli saqlash va malakali kadrlar tayyorlash kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mamlakatimizda mazkur ob’ektlarni boshqarishda vaqtinchalik loyihalar asosidagi yondashuvdan doimiy davlat boshqaruvi tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish jarayoni davom etayotgani ta’kidlandi. Bu esa davlat muvofiqlashtiruvchisi sifatida Agentlik vakolatlarini kuchaytirish, ixtisoslashtirilgan operator faoliyatini yo‘lga qo‘yish va nazorat organlarining mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yig‘ilish ishtirokchilari Germaniya, AQSH, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi va boshqa mamlakatlarning postreabilitatsion boshqaruv, monitoring, texnik xizmat ko‘rsatish va institutsional salohiyatni rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalari bilan ham tanishdi.
Tadbir doirasida Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining qo‘shma loyihalari asosida mahalliy aholini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar ham muhokama qilindi.
Mazkur yig‘ilish natijalari uran merosi ob’ektlarining uzoq muddatli xavfsizligini ta’minlash, atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. O‘zbekiston esa bu borada xalqaro hamkorlar bilan yaqin hamkorlikda ekologik xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida izchil ishlarni davom ettirmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA