Bir tomchi qon — bemorga umid
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Buxoro viloyat Kengashi tashabbusi bilan viloyat qon quyish markazida “Bor mehrimiz senga, bolajon” shiori ostida keng qamrovli donorlik xayriya aksiyasi tashkil etildi.
Insonparvarlik, mehr-oqibat va ijtimoiy mas’uliyat g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan mazkur tadbir og‘ir xastaliklar bilan kurashayotgan bolalarga amaliy ko‘mak ko‘rsatishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Bugungi kunda qon va uning tarkibiy qismlariga ehtiyoj sezayotgan bemorlar, ayniqsa, bolalar uchun donorlik hayot-mamot masalasi hisoblanadi. Ayrim hollarda birgina donor tomonidan topshirilgan qon bolaning hayotini saqlab qolish, uning sog‘ayish jarayonini tezlashtirish va oilasiga umid bag‘ishlashda muhim omilga aylanadi. Shu ma’noda mazkur aksiya nafaqat xayriya tadbiri, balki inson hayotiga daxldor ezgu tashabbus sifatida katta ahamiyat kasb etdi.
Tadbirda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar, tibbiyot xodimlari, ichki ishlar organlari xodimlari, Milliy gvardiya vakillari hamda ko‘ngilli fuqarolar faol ishtirok etdi. Shuningdek, aksiya viloyatning barcha shahar va tumanlarida ham uyushqoqlik bilan tashkil qilinib, unga mingdan ortiq ko‘ngilli fuqaro jalb etildi.
Aksiya davomida yig‘ilgan qon zaxiralari og‘ir kasalliklar bilan davolanayotgan, murakkab jarrohlik amaliyotlarini boshdan kechirayotgan va muntazam qon quyishga muhtoj bo‘lgan bolalarning salomatligini tiklashga xizmat qiladi. Bu esa yuzlab oilalar uchun tasalli va ishonch manbai bo‘lib xizmat qiladi.
[gallery-29751]
Mutaxassislar ta’kidlashicha, 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan, vazni 50 kilogrammdan ortiq va o‘zini sog‘lom his etgan har bir fuqaro donor bo‘lishi mumkin. Inson organizmida o‘rtacha 4,5–5 litr qon mavjud bo‘lib, ilmiy tadqiqotlar 500 millilitrgacha qon topshirish inson salomatligi uchun xavfsiz ekanligini tasdiqlagan. Amalda esa donorlik jarayonida odatda 350–400 millilitr atrofida qon olinadi.
Ayniqsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, harbiylashtirilgan tuzilmalar va yoshlarning faol ishtiroki jamiyatimizda insonparvarlik, bag‘rikenglik va fuqarolik mas’uliyati kabi yuksak qadriyatlar mustahkam qaror topayotganining yorqin namunasi bo‘ldi. Ular tomonidan ko‘rsatilgan tashabbus va fidoyilik boshqalar uchun ham ibrat vazifasini o‘tadi.
“Bor mehrimiz senga, bolajon” donorlik xayriya aksiyasi nafaqat qon zaxiralarini to‘ldirish, balki jamiyatda mehr-shafqat, saxovat va inson taqdiriga befarq bo‘lmaslik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Eng muhimi, bu xayrli tashabbus og‘ir xastalik bilan kurashayotgan bolalarga hayotga bo‘lgan ishonchni, ularning ota-onalariga esa yangi umid va kuch bag‘ishladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari