«Imkon» markazlari: bolalarga umid va imkoniyatlar eshigi ochilmoqda (+video).
Alohida ehtiyojga ega bolalar uchun tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlarini rivojlantirish, ularni maxsus maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish, korreksion mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yish hamda kompleks qo‘llab-quvvatlash tizimini kengaytirish bugungi kunda davlat ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda mamlakatimizda zamonaviy yondashuvlar asosida faoliyat yuritayotgan «Imkon» markazlari tarmog‘i izchil kengaytirilmoqda.
2026-yil 2-iyun kuni Qibray tumanida joylashgan alohida ehtiyojga ega bolalarni reabilitatsiya qilishga ixtisoslashgan «Imkon» markazida respublika bo‘ylab zamonaviy reabilitatsiya markazlari tarmog‘ini rivojlantirishga bag‘ishlangan media-taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etdi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, jamoatchilik faollari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva markaz faoliyati bilan yaqindan tanishib, bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, reabilitatsiya jarayonlari hamda ta’lim yo‘nalishlarini ko‘zdan kechirdi.
Bugungi kunda «Imkon» markazlari Nukus, Qibray, Qarshi va Navoiy shaharlarida samarali faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Navoiy shahrida «Umid» markazi ham xizmat ko‘rsatmoqda.
Markazlar bir makonda bir necha muhim yo‘nalishni qamrab oladi: tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya, maxsus maktabgacha ta’lim, korreksion mashg‘ulotlar, ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash hamda oilaga kompleks yordam ko‘rsatish.
Markazlarda yuqori texnologiyali reabilitatsiya uskunalari, sensor integratsiya zallari, akvaterapiya va ertak terapiyasi xonalari, shuningdek, maxsus mashg‘ulot maydonlari faoliyat yuritmoqda. Bu yerda pediatrlar, ortopedlar, psixologlar, logopedlar, defektologlar va reabilitologlardan iborat ko‘p tarmoqli jamoa ish olib boradi.
Loyihaning asosiy maqsadi — sifatli reabilitatsiya xizmatlarini mamlakatning barcha hududlarida yashovchi bolalar uchun imkon qadar yaqin va qulay qilishdir. Shu maqsadda yaqin yillarda Samarqand, Farg‘ona, Namangan, Nurafshon va Toshkent shaharlarida yangi markazlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil davomida markazlarda 546 mingdan ortiq mashg‘ulot va muolajalar o‘tkazilgan. 2019–2025-yillar davomida esa ushbu ko‘rsatkich qariyb 1,5 millionni tashkil etgan.
Bu raqamlar nafaqat tizimning keng ko‘lamda ishlayotganini, balki oilalarning sifatli reabilitatsiya xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoji yuqoriligini ham ko‘rsatadi.
Markazlar faoliyati natijasida bolalarda mustaqillik ko‘nikmalari shakllanmoqda, ular inklyuziv ta’lim tizimi va umumta’lim maktablarida o‘qishga tayyorlanmoqda. Ko‘plab oilalar uchun bolalardagi har bir kichik yutuq ham katta ishonch va umid manbaiga aylanmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi alohida ehtiyojga ega bolalar va ularning oilalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, munosib hayot sharoitlarini yaratish hamda zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirish ishlarini izchil davom ettirmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/QCFskKXFGTk" title="«Imkon» markazlari: bolalarga umid va imkoniyatlar eshigi ochilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova,
Oybek Davronov (video), O‘zA