Bilimdan yetakchilik sari: “O‘zmilliybank” AJda yangi avlod rahbarlari shakllanmoqda
“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati faoliyatida xodimlarni rivojlantirish, kadrlar zaxirasini mustahkamlash va kelajakdagi rahbarlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bankda bir vaqtning o‘zida bir nechta yirik ta’lim tashabbuslari amalga oshirildi va ular nafaqat yangi bilimlarni berish, balki xodimlarning boshqaruv salohiyatini ochish, liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda zamonaviy bank tizimida samarali ishlay oladigan rahbarlarni shakllantirishga xizmat qildi.
Bugungi kunda bank tizimidagi o‘zgarishlar, raqobatning kuchayishi va mijozlar talabining ortib borishi rahbarlardan nafaqat professional bilim, balki strategik fikrlash, moslashuvchanlik, tashabbuskorlik va jamoani ortidan ergashtira olish qobiliyatini ham talab qilmoqda. Shu sababli “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyatida kadrlar zaxirasini rivojlantirish masalasi HR-strategiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan bo‘lib, xodimlarni tizimli tayyorlash, ularning salohiyatini aniqlash va yangi avlod liderlarini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
5–6-may kunlari Operatsion darajadagi kadrlar zaxirasi ishtirokchilari uchun “BXM rahbarlari va bosh buxgalterlarini tayyorlash kursi” mavzusida ikki kunlik trening tashkil etildi.
Ushbu trening Bank xizmatlari markazlari (BXM) boshqaruvchilari va bosh buxgalterlari lavozimlariga tayyorlanayotgan istiqbolli xodimlarni rivojlantirishga qaratildi.
Unda respublikaning turli hududlaridan kelgan, o‘zining kasbiy natijalari, tashabbuskorligi va rivojlanishga intilishi bilan ajralib turgan xodimlar ishtirok etdi. Ular orasida kelgusida Bankning hududiy tarmog‘ida rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi rejalashtirilayotgan mutaxassislar ham bor edi.
Mazkur treningning eng muhim jihatlaridan biri — ta’lim jarayoni Bankning ichki ekspertlari tomonidan olib borilgani. Trener va spiker sifatida Bankning turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan tajribali rahbarlar, amaliyotchilar va ekspertlar ishtirok etdi. Ular nazariy bilimlar bilan bo‘lishdi. Shuningdek, o‘zlarining real ish tajribasi, murakkab vaziyatlarda qabul qilgan qarorlari va boshqaruv amaliyotidagi yondashuvlari bilan ham o‘rtoqlashdi.
Bu esa treningni oddiy ma’ruza emas, balki haqiqiy professional tajriba almashinuvi maydoniga aylantirdi. Ishtirokchilar Bank tizimida uchraydigan real keyslarni muhokama qilib, kundalik faoliyatda yuzaga keladigan murakkab vaziyatlarga yechim topish ustida ishladi.
Ikki kun davomida trening dasturi doirasida moliyaviy hisob, bank operatsiyalari, savdo va mijozlar bilan ishlash, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, komplayens nazorati, muammoli kreditlar bilan ishlash, rahbarning mas’uliyati va jamoa boshqaruvi kabi muhim yo‘nalishlar qamrab olindi.
Ayniqsa, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati, samarali kommunikatsiya va jamoani boshqarish bo‘yicha mavzular ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Trening davomida ishtirokchilar nafaqat bilim oldilar, balki o‘z fikrlarini erkin bildirish, jamoada ishlash va boshqaruv qarorlarini qabul qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini ham rivojlantirdi.
O‘quv dasturining amaliy natijalari qisqa muddat ichidayoq namoyon bo‘ldi. Treningda ishtirok etgan 5 nafar xodim 7-may kuni filiallarda rahbarlik lavozimlariga tayinlash bo‘yicha saralash komissiyasida ishtirok etdi.
Ular imtihon va suhbat jarayonlarini muvaffaqiyatli topshirib, rahbarlik lavozimlariga tavsiya etildi. Ushbu natija Bankda yo‘lga qo‘yilgan kadrlar zaxirasini rivojlantirish tizimi va amaliyotga yo‘naltirilgan treninglarning samaradorligini yana bir bor tasdiqladi.
Rivojlanish haftasining davomi sifatida Operatsion-boshqaruv darajadagi kadrlar zaxirasi ishtirokchilari uchun “Tizimli va kreativ fikrlash” mavzusida yana bir muhim trening tashkil etildi.
Mazkur dasturga xalqaro sertifikatlarga ega, bank sohasi uchun ta’lim loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tajribali trener Azizbek Ahrorov jalb qilindi.
Treningning asosiy maqsadi ishtirokchilarda strategik va analitik fikrlashni rivojlantirish, muammolarning tub sabablarini aniqlash, nostandart yechimlarni ishlab chiqish va jamoaviy ishlash samaradorligini oshirishdan iborat bo‘ldi. Dastur davomida kreativ fikrlash vositalari, tizimli tahlil, boshqaruv keyslari va interaktiv mashg‘ulotlardan keng foydalanildi.
Topshiriqlar va real vaziyatlar asosida tashkil etilgan muhokamalar katta motivatsiya manbaiga aylandi. Trening davomida har bir ishtirokchi o‘zining liderlik salohiyati, fikrlash uslubi va boshqaruv yondashuvlarini qayta tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bugungi kunda “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyatida kadrlar zaxirasini rivojlantirish - bankning kelajagi, barqaror rivojlanishi va yangi avlod liderlariga yo‘naltirilgan strategik investitsiya.
Bank rahbariyati tomonidan xodimlarning professional va shaxsiy rivojlanishiga alohida e’tibor qaratilayotgani esa har bir xodim uchun katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Chunki kuchli bank bu eng avvalo kuchli jamoa, bilimli mutaxassis va zamonaviy fikrlaydigan liderlar demakdir.
“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati bundan buyon ham ichki ekspertiza, amaliy tajriba va xalqaro yondashuvlarni uyg‘unlashtirgan holda xodimlarni rivojlantirish va zamonaviy rahbarlarni tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettiradi.
N.Usmonova,
O.Pardayev (surat),
O‘zA muxbirlari