Berlindagi maxfiy arxivda O‘zbekiston tarixiga oid noyob hujjatlar saqlanmoqda
BERLIN. Prussiya madaniy merosi maxfiy davlat arxivi (GStA PK)da Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning XIX–XX asrlarga oid noyob tarixiy hujjatlari saqlanmoqda.
Prussiya madaniy merosi maxfiy davlat arxivi (GStA PK)ning tarixi bir necha asrlarga borib taqaladi. 1598-yili Brandenburg shahzodasi (kurfyurst) Iogann Georg farmoniga ko‘ra, Berlin qasrida markazlashgan «Maxfiy arxiv» tashkil etilgan bo‘lib, aynan ushbu sana muassasaning to‘laqonli arxiv sifatida ish boshlagan vaqti hisoblanadi. 1803-yilda Prussiya qirolligidagi ma’muriy islohotlar natijasida muassasaga rasman «Maxfiy davlat arxivi» nomi berilib, u davlatning bosh tarixiy hujjatlar markaziga aylantirilgan.
Arxiv avval Berlin markazidagi Shahar saroyida, 1874-yildan Klostershtrasse ko‘chasida faoliyat yuritgan.

1924-yilda fondlar soni ortib borgani sababli muassasa Berlinning Dalem tumanida maxsus loyiha asosida qurilgan yangi binoga ko‘chirilgan va bugungi kungacha shu yerda joylashgan. 1963-yili hujjatlar kolleksiyasi Prussiya madaniy merosi jamg‘armasi tasarrufiga o‘tkazilgach, hozirgi nomini olgan.
Ushbu arxiv XII asrdan boshlab qariyb 35 000 pogon metr hajmdagi (taxminan 1,5 milliondan 2 milliongacha yig‘majild yoki 300-350 million varaq) tarixiy hujjatlarni saqlaydi. Markaziy davlat apparatiga oid asosiy hujjatlarning davriy chegarasi 1933–1934-yillarga tegishli bo‘lib, shu davrdan keyingi manbalar Germaniya Federal arxivida saqlanadi. 1993-1994-yillargacha arxivning katta qismi GDR Markaziy davlat arxivida vaqtincha saqlangani bois, hozirda hujjatlarning to‘rtdan uch (3/4) qismi Berlinning Vesthafen hududidagi tashqi saqlovxonada saqlanadi va tadqiqotchilarga buyurtma asosida taqdim etiladi. 2024-yilda arxivning Dalem tumanidagi faoliyatiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan «Maxfiy arxivlar ham yorug‘likni sog‘inadi» nomli katta tadbir ham o‘tkazilgan.
Mazkur yirik arxivda Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asrning birinchi yarmiga oid noyob hujjatlar saqlanmoqda.

Hujjatlarning asosiy tili nemis tili bo‘lsa-da, tarkibida usmonli turkcha, rus va fors tilidagi arab alifbosidagi manbalar ham mavjud. Olib borilgan izlanishlar davomida Prussiya qirolligi Tashqi ishlar vazirligining davlat kotibi, diplomat Karl Herman fon Tilening 1865-yilda Turkistonda yuz bergan siyosiy jarayonlar va diplomatik munosabatlar bilan bog‘liq muhim yozishmalari hamda rasmiy hisobotlari aniqlandi.


(Nemis diplomati Karl Herman fon Tilening 1865-yilda Turkistonda yuz bergan siyosiy jarayonlarga oid yozma hisoboti)
Arxivdagi yana bir qimmatli manba — 1928–1929-yillarda Markaziy Osiyoga, jumladan, O‘zbekiston SSRga sayohat qilgan Veymar Respublikasining maxfiy maslahatchisi, taniqli siyosatchi va iqtisodchi Georg Kleynovning shaxsiy fondidir. Nemis fanini qo‘llab-quvvatlash jamiyati va Germaniya TIV tomonidan moliyalashtirilgan ushbu ilmiy safar davomida G. Kleynov Toshkent, Buxoro, Yettisuv va Olmaotagacha borgan. U o‘z hisobotlarida Turksib temir yo‘li qurilishining geosiyosiy ahamiyati, chorvador aholini o‘troqlashtirish, milliy-hududiy chegaralanish hamda yer-suv islohotlarini chuqur tahlil qilib, berlinlik mutasaddilarga taqdim etgan.


(Veymar Respublikasining maxfiy maslahatchisi Georg Kleynovning 1928-1929-yillardagi Markaziy Osiyoga qilgan sayyohati yozishmalari.)
Shuningdek, Veymar Respublikasi madaniyat vaziri, sharqshunos olim Karl Genrix Bekkerning shaxsiy fondida Turkiston tarixi uchun bebaho bo‘lgan bir qator hujjatlar, jumladan 1922-yilda Germaniyaga o‘qishga yuborilgan toshkentlik talaba Vali Qayumxon taqdiriga oid arxiv xatlari saqlanmoqda. Olimning o‘g‘li doktor Valter Bekkerning 1933-yil 30-martda «Xorijliklar uchun nemis instituti» direktori doktor Georg Kartskega yo‘llagan xatida Vali Qayumxonning og‘ir moliyaviy ahvoli bayon etiladi.


(Doktor Valter Bekkerning doktor Georg Kartskega turkistonlik talaba Vali Qayumxon to‘g‘risidagi xati. Berlin 1933-yil.)
Maktubda Vali Qayumxon marhum vazir Karl Bekkerning otalig‘ida bo‘lgani, biroq 1933-yil bahorida natsistlar hokimiyatga kelgach vaziyati keskinlashgani va mablag‘siz qolgani ta’kidlanib, unga moliyaviy yordam ajratish hamda AQSHning «Studienaufenthalt in Amerika» dasturi orqali o‘qishga yuborishda Stiven Duggan (Xalqaro ta’lim instituti asoschisi) kabi mutasaddilardan ko‘mak so‘ralgan. Bu maktub Germaniya akademik doiralarining turkistonlik talabalar taqdiriga befarq bo‘lmaganini ko‘rsatuvchi muhim birlamchi manbadir.
Berlindagi ushbu arxivda tadqiqotchilar uchun barcha zamonaviy sharoitlar, jumladan elektron qidiruv va raqamlashtirish ustaxonalari xizmati yo‘lga qo‘yilgan.

Shuni qayd etish kerakki, O‘zbekiston Milliy arxivi va Prussiya madaniy merosi davlat arxivi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash, Buxoro amirligi, Qo‘qon va Xiva xonliklariga oid manbalar nusxalarini yurtimizga olib kelish, qo‘shma arxiv to‘plamlarini nashr etish va mutaxassislar malakasini oshirish tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilishi lozim. Bu milliy tariximizning noma’lum sahifalarini xorijiy manbalar asosida boyitishga xizmat qiladi.
Muhayyo ISAKOVA,
O‘zbekiston Milliy arxivi katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari doktori, professor