Hukumat komissiyasi Bo‘stonliqdagi turizm ob’ektlari bilan tanishdi
Ayni kunlarda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida zamonaviy turizm majmualarini barpo etish bo‘yicha ishlar jadal sur’atlarda davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi Investitsiyalarni jalb etish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi aynan mazkur hududda amalga oshirilayotgan yirik turizm loyihalarining borishi bilan tanishdi.
Tashrif davomida komissiya a’zolari hududda barpo etilayotgan turizm infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda transport yo‘nalishlarini rivojlantirish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, mas’ullar bilan o‘tkazilgan muhokamalarda loyihalarning amaliy ijrosi, bosqichma-bosqich rivojlanishi va ularning hudud iqtisodiyotiga ta’siri yuzasidan fikr almashildi.

Komissiya tomonidan turizm sohasidagi yirik investitsiya loyihalarini barqaror iqtisodiy ekotizimga aylantirish, ular orqali aholi bandligini oshirish hamda mahalliy infratuzilmani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, “Chimyon” MFY hududida barpo etilayotgan “Beldersoy-Chimyon-Nanay” xalqaro umummavsumiy kurort majmuasi loyihasi ko‘zdan kechirildi. Ushbu yirik investitsiya loyihasi 1300 gektar maydonda xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turistik infratuzilmani shakllantirish asnosida 1000 ta ish o‘rni yaratish hamda 6 ming nafargacha sayyohga xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, komissiya “Beldersoy Resort & SPA” tog‘ kurorti va dam olish zonasini barpo etish loyihasining amalga oshirilishi bilan ham tanishdi. 45,9 gektar maydonni qamrab oladigan ushbu ob’ekt foydalanishga topshirilgandan so‘ng 30-40 ming nafar sayyohni qabul qilish imkoniyati yaratilishi hamda 400 ta yangi ish o‘rni tashkil etilishi kutilmoqda.
Hukumat komissiyasi axborot xizmatiga ko‘ra, tashrif yakunida mas’ul vazirlik va idoralarga loyihalarni amalga oshirish sur’atini jadallashtirish, infratuzilmani yanada rivojlantirish hamda investorlar va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA