Bag‘dod o‘z yo‘lini tanladi: korrupsiyaga qarshi kurash, qurolsizlanish va iqtisodiy ochiqlik
Iroq hukumati korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashni davom ettirmoqda va davlatga qurol yetkazib berishni cheklamoqda.
– Bu yo‘nalish qonun bilan qat’iy amalga oshiriladi, – dedi mamlakat Bosh vaziri Ali Az-Zaydiy “Asharq Al-Awsat” gazetasiga bergan intervyusida. – Korrupsiyachi uchun himoya yo‘q, Bag‘dod qo‘shni mamlakatlar va Fors ko‘rfazi davlatlari bilan tashqi buyruqsiz munosabatni rivojlantiradi.
Hukumat rahbari aytishicha, xavfsizlik kuchlari Iroq hududidan qo‘shni davlatlarga hujum qilish uchun foydalanishning oldini olish bo‘yicha ko‘rsatma olgan.
Korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyasiga to‘xtalar ekan, yetakchi o‘g‘irlangan mablag‘ni ixtiyoriy ravishda qaytarganlar bilan kelishuv tuzishga tayyorligi, rad etganlar esa javobgarlikka tortilishini tushuntirdi.
Shuningdek, Bosh vazir dollar inqiroziga ham yechim topilishiga ishonishini aytdi. Ta’kidlanishicha, AQSH ma’lum xavotir tufayli valyutani ushlab turgan edi, hozir masala hal qilingan va pul allaqachon mamlakatga kirib kelgan.
Bundan tashqari Az-Zaydiy davlat ichida davlat shakllanishiga yo‘l qo‘yilmasligi, “qarshilik” zarurati yo‘qolib borayotganiga urg‘u berdi.
– Hukumatning asosiy vazifasi qurol aylanishini cheklash orqali qurolli guruhlar va jangarilar o‘rtasidagi aloqani uzish, – dedi u.
Suriya ishtirokidagi kelishuv asnosida Iroq Bosh vaziri Prezident Ash-Shara’ boshchiligidagi amaldagi hukumat bilan yaxshi munosabat o‘rnatilishi va ikki mamlakat hamda xalq manfaati uchun iqtisodiy ochiqlikka sodiq qolinishini bildirdi.
S.Rahimov, O‘zA