Ayol band bo‘lsa — oila farovon, jamiyat barqaror bo‘ladi
Yurtimizda ayollar manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi raisi Zulfiya To‘yeva xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlar xususida o‘z munosabatini bildirdi:
— Yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda istiqlolimizning har bir yili, har bir kuni, har bir daqiqasi biz uchun qadrli ekanligini yana bir karra teran anglayapmiz. Chunki bugungi yaratilgan imkoniyatlar va inson qadriga bo‘lgan munosabat zamirida ana shu yillar davomida bosib o‘tilgan og‘ir, mashaqqatli, ammo sharafli yo‘l bor. Ortda qolgan 35 yili silliq kechmadi. Shu yurtda yashayotgan bir ona, turmush o‘rtoq va jamiyatning faol ayoli sifatida aytishim mumkinki, bu yillarning zalvorini ayniqsa, ayollar juda aniq his qilishadi.
Lekin yillar davomida xotin-qizlarga bo‘lgan munosabat, ularga e’tibor ortib bordi. Ayniqsa, 2017-yildan keyingi islohotlar to‘lqini xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlab, ularning ijtimoiy himoyasini tubdan o‘zgartirdi. Bugun yurtimizda ishsiz xotin-qizlarni kasbga o‘qitish, qishloq joylarda ham ayollar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish, oilaviy sharoiti og‘ir ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish masalalarida katta natijalarga erishilmoqda. Eng muhimi, har bir ayolning muammosiga alohida yondashish, xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, ularning hayotida aniq natija beradigan mexanizmlarni ishlab chiqish ustida samarali ishlar olib borilmoqda.

Bu davrning eng muhim jihati — ayolga faqat yordam berish emas, balki unga o‘z hayotini o‘zi o‘zgartirishi uchun imkoniyat yaratish tamoyili ustuvorligidadir.
Shu o‘rinda xotin-qizlarning oliy ta’lim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar, bunda, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga yaratilgan sharoitlarga alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Hozirgi kunda davlat oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarning magistratura bosqichida tahsil olayotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari to‘liq Davlat byudjeti hisobidan to‘lab berilmoqda. Masalan, 2025-yil yakunlari bo‘yicha davlat OTMlari magistraturasida tahsil olgan deyarli 18 ming nafar xotin-qizlarning shartnoma pullari qoplab berilgan.
Shuningdek, oliy ta’limda tahsil olayotgan partiyamiz elektorati bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar, ota-onasini yo‘qotgan hamda boquvchisi bo‘lmagan xotin-qizlarning ham kontrakt to‘lovlari byudjet mablag‘lari hisobidan qoplab berilmoqda. Joriy yilda ham oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida 4000 nafar ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga kvota ajratildi.
Ehtiyojmand bir ayol davlat ko‘magi bilan oliy ta’lim olib, mutaxassis bo‘lib yetishadi. Natijada uning hayoti o‘zgaradi, farzandlari bilimli, tarbiyali, ro‘zg‘ori but, turmushi farovon bo‘ladi. Shuning uchun xotin-qizlarning oliy ta’lim olishiga sarflanayotgan mablag‘ni oila kelajagiga, jamiyat farovonligi va albatta, mamlakatimiz taraqqiyotiga kiritilayotgan sarmoya, deb hisoblayman.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining asosiy vazifalaridan biri ham aholi turmush farovonligi, ijtimoiy adolat va ehtiyojmandlarni himoya qilishdir. Shu nuqtai nazardan, xotin-qizlarning bandligi va ijtimoiy himoyasi biz partiya vakillarining ham doimiy e’tibor markazida bo‘ladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA