Axendagi jahon chempionati oldidan muhim sinov
Germaniyaning Axen shahrida bo‘lib o‘tadigan ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha FEI jahon chempionatida mamlakatimiz tarixida ilk bor ikki nafar o‘zbekistonlik chavandoz ishtirok etishi haqida xabar bergan edik.
Chavandozlarimiz jahon chempionati oldidan Hof-Redentin shahrida start olgan va 9-avgust kuniga qadar o‘tadigan CSI2* toifasidagi xalqaro musobaqada ishtirok etadigan bo‘ldi. Turnirda O‘zbekiston sharafini Bahromjon G‘oziyev, Bekzod Qurbonov va Oqiljon Sobirjonov himoya qilmoqda.
Musobaqaning dastlabki kunida barcha ishtirokchi otlar uchun majburiy veterinariya ko‘rigi o‘tkazildi. O‘zbekiston terma jamoasi sportchilari ishtirok etadigan barcha otlar mazkur nazoratdan muvaffaqiyatli o‘tib, rasman musobaqada qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot uchun, 11–23-avgust kunlari Axen shahrida o‘tadigan FEI jahon chempionatida O‘zbekiston nomidan Bekzod Qurbonov va Abdurahmon Abdullayev ishtirok etadi. Har to‘rt yilda bir marta tashkil etiladigan ushbu nufuzli musobaqada dunyoning eng kuchli chavandozlari va sport otlari jahon chempionligi uchun bahs olib boradi.
Hof-Redentindagi CSI2* xalqaro turniri esa jahon chempionati oldidan sportchilarimiz uchun muhim tayyorgarlik va amaliy sinov vazifasini o‘tamoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA