Eshkak eshuvchi qizlarimiz jahon chempionatida finalga yo‘l oldi
Bolgariyaning Plovdiv shahrida 19 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati davom etmoqda. Nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi olti nafar sportchi bilan ishtirok etib, hal qiluvchi bosqichlarda munosib natijalar qayd etmoqda.
Bolgariyaning Plovdiv shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha 19 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Dunyo birinchiligida 55 mamlakatdan qariyb 660 nafar sportchi 14 yo‘nalish bo‘yicha medallar uchun bahs olib bormoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi mazkur musobaqada olti nafar sportchi – to‘rt nafar yigit va ikki nafar qiz bilan qatnashmoqda. Terma jamoamiz safida MJ2- dasturida Mehroj Isroilov va Husan Xudoyberdiyev, MJ2x bahslarida Lazizbek Qo‘chqorov hamda Umarali Abdullayev, WJ2-yo‘nalishida esa Aydana Smetullayeva va Rayhona Sattorova yurtimiz sharafini himoya qilmoqda.
MJ2- dasturida ishtirok etayotgan Mehroj Isroilov va Husan Xudoyberdiyev yarim final bahsida beshinchi natijani qayd etib, V finalida ishtirok etadigan bo‘ldi. WJ2- yo‘nalishidagi vakilalarimiz Aydana Smetullayeva hamda Rayhona Sattorova esa yarim finalda munosib ishtirok etib, marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tdi. Ular hal qiluvchi bosqichda yuqori o‘rinlar uchun kurashni davom ettiradi. Jahon chempionatining final bellashuvlari 8-avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA