Avstraliyada yonilg‘i solig‘i 50 foiz qisqartirildi
Global energetika inqirozi sharoitida Avstraliya hukumati aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida benzin va dizel yonilg‘isiga qo‘yiladigan aksiz solig‘ini vaqtincha 50 foiz qisqartirdi. Bosh vazir Entoni Albanez ma’lum qilishicha, ushbu chora 1-apreldan 30-iyungacha amal qiladi.
Natijada benzinning har litri taxminan 26,3 sent arzonlashadi va haydovchilar sig‘imni bir marta to‘ldirishda 65 litr uchun o‘rtacha 13 AQSH dollarini tejaydi. Shuningdek, og‘ir yuk transporti uchun to‘lov ham uch oyga to‘xtatiladi. Yaqin Sharqdagi harbiy keskinlik sabab yonilg‘i narxi ko‘tarilgach, neft bir barrel uchun 116 dollarga yetdi. Ma’lumki, yashil qit’a yonilg‘ining 80 foizini import qiladi. Shu bois jahon bozoridagi tebranish mamlakatga tez va sezilarli ta’sir ko‘rsatdi: mart oyida dizel yonilg‘isi 10 foiz, benzin esa 8 foiz qimmatlashdi. Talvasali xarid jarayonida 500 dan ko‘p manzilda yonilg‘i taqchilligi kuzatildi. Darvoqe, energetika vaziri Kris Boven vaziyat nazorat ostida ekanini ta’kidlab, mamlakat omborlarida hozir 39 kunlik benzin, 30 kunlik dizel hamda aviatsiya yonilg‘isi zaxirasi mavjudligiga urg‘u berdi. Mutaxassislar fikricha, soliq imtiyozi aholiga biroz yengillik bersa-da, yonilg‘i narxi umumiy o‘sishini to‘liq to‘xtatolmaydi. Zero, asosiy muammo jahon bozoridagi xom ashyo narxi bilan bog‘liq.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA