Misrning sobiq TIV rahbari Arab davlatlari ligasiga rahbarlik qiladi
Bir vaqtlar Misr tashqi ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritgan taniqli siyosatchi Nobil Fahmiy Arab davlatlari ligasi (ADL) yangi bosh kotibi etib saylandi. Bu haqda “Al Arabiya” nashri yuqori martabali diplomatik manbalarga tayanib xabar tarqatdi.
– U (Fahmiy – Tahririyat) Arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi 165-sessiyasida tashkilotga a’zo mamlakatlar vakillari tomonidan bir ovozdan saylandi va 1-iyuldan rasman ishga kirishadi, – deyilgan axborotda.
Nomzod 2016-yildan beri tuzilmani boshqarib kelayotgan Ahmad Abul G‘aytning o‘rnini egallaydi.
Arab dunyosidagi eng nomdor diplomatlardan biri hisoblangan Nobil Fahmiy 2013-yil iyunidan boshlab bir yil davomida inqilobdan keyingi muhim davrda Misr tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan. Nisbatan qisqa muddatda u mamlakatining mintaqaviy mavqeini tiklashda faollik ko‘rsatgan. Shuningdek, 1999-2008-yillari Misr Arab Respublikasining AQSHdagi elchisi sifatida BMTning bir necha qurolsizlantirish qo‘mitalari tarkibida vakillik qilgan.
S.Rahimov, O‘zA