Asossiz to‘lovlar fosh etildi
Tibbiyot muassasalarida xizmat sifati va hisob-kitoblarning to‘g‘ri yuritilishi nafaqat soha obro‘si, balki aholi ishonchi uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois, bu boradagi har qanday qonunbuzilishlar qat’iy nazoratga olinmoqda.
Raqobat qo‘mitasining Namangan viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Uchqo‘rg‘on, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmalarida tibbiyot uchun mo‘ljallangan o‘lchash va sinash vositalarining metrologik ko‘rikdan o‘tkazilganligi, shuningdek, ulardan bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida foydalanilishi holati yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida tibbiyot birlashmalari tomonidan foydalanilayotgan tibbiy asbob-uskunalar belgilangan muddatlarda metrologik ko‘rikdan o‘tkazilmagan holda xizmatlar ko‘rsatilganligi, shuningdek, narxnomada hisobga olingan, ammo amalda ishlatilmagan materiallar uchun iste’molchilardan qariyb 300 mln so‘m miqdorida asossiz daromad olinganligi holatlari aniqlandi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalari hamda Vazirlar Mahkamasining ushbu sohada xizmat ko‘rsatish asoslari belgilangan qarorlari talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atildi. Ishni ko‘rib chiqish yakuniga ko‘ra, belgilangan tartibda iste’molchilardan asossiz olingan mablag‘larni qayta hisob-kitob qilish va qaytarish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Mazkur holat tibbiyot sohasida shaffoflikni ta’minlash, xizmatlar sifatini oshirish va eng muhimi, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish yo‘lidagi nazorat ishlari izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.
N. Rahmonova, O‘zA