Asossiz to‘lovlar aniqlandi
Fuqarolarning sifatli va adolatli tibbiy xizmatlardan foydalanishi, ayniqsa pullik xizmatlar uchun haq to‘lashda ularning huquqlari himoya qilinishi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu bois tibbiyot muassasalarida xizmatlar narxining qonunchilik asosida shakllantirilishi, hisob-kitoblarning to‘g‘ri yuritilishi va iste’molchilarga to‘liq hamda aniq ma’lumot taqdim etilishi doimiy nazoratda bo‘lib kelmoqda.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan pullik tibbiy xizmatlar narxlarining shakllantirilishi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi ayrim tibbiyot muassasalari faoliyatida qonunchilik talablariga zid holatlar aniqlandi.
Tekshiruvlar natijasida qariyb 350 ming nafar fuqarodan jami 440 million so‘mga yaqin mablag‘ asossiz ravishda undirilgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur holatlar yuzasidan mas’ul muassasalarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilib, asossiz olingan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Bu esa aholi huquqlarini himoya qilish va tibbiy xizmatlar sohasida adolatli munosabatlarni ta’minlashga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
N. Rahmonova, O‘zA