Sardorlar anjumani — tashabbuslar maydoni
Bo‘stonliq tumanidagi "Yoshlar" oromgohida O‘zbekiston bolalar tashkiloti tomonidan intizorlik bilan kutilgan Bolalar harakati sardorlarining an’anaviy anjumani o‘tkazildi.
Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan yig‘ilgan eng faol, kreativ va shijoatli sardorlar ishtirokida “90 kun mahallalarda bolalar tashkiloti bilan” loyihasiga start berildi.


Anjumanning tantanali ochilish marosimi o‘zgacha shukuh bilan o‘tdi. Unga O‘zbekiston bolalar tashkiloti tomonidan kashf etilgan mitti iste’dodlarning jarangdor ovozlari alohida fayz va sehr bag‘ishladi. Ayniqsa, ularning chiqishida ham bolalarcha sof beg‘uborlik, ham nufuzli tadbirga mos yuksak tayyorgarlik sezilib turdi.
An’anaviy anjumanning ikkinchi kunida belgilangan rejaga asosan ishtirokchilar turli mavzulardagi o‘quv-seminarlarda qatnashdi. Jarayonda Toshkent viloyati sardorlari ham faol ishtirok etdi.


Xususan, sardorlar "UzCombinator" loyihasi bo‘yicha tajribali mutaxassis Murodillo Ismoilovdan zarur bilimlarni o‘rgandi. Jarayonda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.


Bir necha kun davom etgan anjuman yakunida o‘z faolligi va tashabbuslari bilan ajralib turgan eng namunali sardorlar taqdirlandi. Shuningdek, bir guruh sardorlarga maxsus ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi. Muhimi, bu nishon shunchaki mukofot emas, bu ishonch, mas’uliyatdir. Uni olgan har bir sardor o‘z ortidan yuzlab tengdoshlarini ezgu ishlarga chorlay oladigan haqiqiy yetakchi ekanini namoyon etishi lozim.
A.Musayev, O‘zA