AQSH elchixonasi vakillari institutda
AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili, elchixona missiyasidagi mas’ul xodim Xezer Byorns xonim boshchiligidagi delegatsiya Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida bo‘ldi.
Uchrashuvda AQSH elchixonasi vakillari bir necha yillar davomida yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan qo‘shma dasturlarni rivojlantirish borasidagi faoliyati uchun institut rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, xususan, Access English Scholarship Program, UNICEN, COIL (Collaborative Online International Learning) dasturlari, shuningdek, Fulbright ETA English Fellow Program doirasidagi hamkorlik natijalarini muhokama qildi.

Ta’kidlash joiz, mazkur loyihalar doirasida xorijiy o‘qituvchilar institutda ingliz tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar bilan ishlab, ularning til ko‘nikmalari, xalqaro muloqot va madaniyatlararo kompetensiyalarini rivojlantirishga ko‘maklashmoqda.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada rivojlantirish, ta’lim sohasida yangi tashabbus va loyihalarni amalga oshirish, talabalar, professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri