Anvar Anvarov “Brilliant liga” sovrindori
Xitoyning Shanxay shahrida yengil atletika bo‘yicha “Brilliant liga” musobaqasining ilk bosqich bahslari bo‘lib o‘tdi.
Dunyoning eng kuchli yengil atletikachilarini jamlagan musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Anvar Anvarov erkaklar o‘rtasida uzunlikka sakrash dasturida munosib ishtirok etdi.
Quvonarlisi, atletimiz musobaqada 8.01 metr natija qayd etib, uchinchi o‘rindan joy oldi. Mamlakatimizning mazkur yo‘nalishdagi mutlaq rekordchisi hisoblangan Anvar Anvarov musobaqa davomida ikki bor mavsumdagi eng yaxshi natijasini yangiladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsum Lozannada o‘tgan “Brilliant liga”da hamyurtimiz 7,84 metr natija bilan barcha raqiblarini ortda qoldirib, g‘olib chiqqan ikkinchi o‘zbekistonlik atlet sifatida tarixga kirgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA