Andijonlik yoshlar startaplarini qanday rivojlantirmoqda?
Startapni yaratish uchun g‘oyaning o‘zi yetarli emas. Uni ishlaydigan mahsulotga aylantirish, birinchi mijozlarni topish va investorni loyihaga ishontirish ham kerak.
Andijonda o‘tkazilgan amaliy vorkshopda yosh startapchilar aynan shu jarayonning muhim bosqichlarini o‘rganib, o‘z loyihalarini rivojlantirish uchun yangi yondashuvlarni kashf etdi.
Andijon viloyatidagi AI Hub — Sun’iy intellekt markazida o‘tkazilgan «G‘oyadan investitsiyagacha» amaliy vorkshopi texnologiya sohasida yangi g‘oyalar izlayotgan yoshlarni bir joyga jamladi.
Tadbirda startapga qiziquvchi yoshlar, dasturchilar va o‘z loyihalarini ilk bosqichda rivojlantirayotgan asoschilar ishtirok etdi. Vorkshopning o‘ziga xos jihati shundaki, ishtirokchilar faqat nazariy bilim olish bilan cheklanmay, o‘z loyihalarini tahlil qilish, biznes-modellarini qayta ko‘rib chiqish va investorlarga taqdim etish ko‘nikmalarini ham mashq qildi.
Startapning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan uning qanday muammoni hal qilishiga bog‘liq. Mahsulot qanchalik zamonaviy bo‘lmasin, agar u foydalanuvchi uchun aniq qiymat yaratmasa, uni bozorga olib chiqish qiyinlashadi.
Shu sababli vorkshopning dastlabki qismi loyihaning asosini aniqlashga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar muammoni belgilash, maqsadli mijozlarni aniqlash, mahsulotning qiymat taklifini shakllantirish va bozor imkoniyatlarini baholash ustida ishladi.

Mashg‘ulotlarda Lean Startup yondashuvi va Customer Development usuliga alohida e’tibor qaratildi. Bu yondashuvlar mahsulotni faqat o‘z taxminlariga tayanib yaratish emas, balki mijozlarning haqiqiy ehtiyojlarini o‘rganish va g‘oyani amalda sinab ko‘rish muhimligini ko‘rsatadi.
Bunda MVP — mahsulotning eng zarur funksiyalarini o‘z ichiga olgan dastlabki versiyasi muhim ahamiyatga ega. Startap asoschisi katta mablag‘ sarflab, barcha imkoniyatlarni birdaniga ishlab chiqish o‘rniga, avval asosiy yechimni sinab ko‘rishi, foydalanuvchilar fikrini o‘rganishi va shundan keyin mahsulotni takomillashtirishi mumkin.
Vorkshop ishtirokchisi, 15 yoshli dasturchi Oyatbek Abdug‘aniyev ham aynan shu yondashuvni o‘z startaplarida qo‘llashni rejalashtirmoqda.
«Hozir ikkita startapim — ParkOS va Ilimli MVP bosqichida. Ularni sotuvga olib chiqish maqsadida vorkshopga keldim. Bu yerda Lean Startup yondashuvini o‘rgandim va loyihalarimning biznes-modellarini qayta ko‘rib chiqishga qaror qildim. Olgan bilimlarimni qo‘llashni keyinga qoldirmoqchi emasman — bugunoq ikkala startapimning biznes-modeli ustida ishlashni boshlayman», — deydi Oyatbek.
Uning rejalari startap rivojidagi muhim jihatni ko‘rsatadi: mahsulotni yaratish — jarayonning bir qismi, xolos. Uni kim ishlatishi, qanday muammoni hal qilishi va qay tarzda daromad keltirishi haqida ham boshidanoq o‘ylash kerak.
Vorkshop ishtirokchisi, dasturchi va Smart Lab jamoasi sardori Yahyobek Habibullayev avval ham kichik startaplarni ishga tushirib ko‘rgan, ammo ular muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Endi esa u yangi bilim va yondashuvlar yordamida navbatdagi loyihasini rivojlantirishni maqsad qilgan.
«Avval ham kichik startaplarni ishga tushirib ko‘rganman, ammo ular muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Shuning uchun bu vorkshopga startapni rivojlantirish haqida ko‘proq bilim olish maqsadida keldim. Hozir jamoamiz bilan an’anaviy laboratoriyalarni onlayn formatga o‘tkazishga qaratilgan Smart Lab loyihasi ustida ishlayapmiz. Vorkshopda olgan bilimlarimni shu loyihamizda va kelgusi startaplarimda qo‘llamoqchiman», — deydi u.
Investor bilan muloqotda yaxshi mahsulot yaratish qanchalik muhim bo‘lsa, uni to‘g‘ri taqdim etish ham shunchalik ahamiyatli. Shu nuqtai nazardan, vorkshopda Pitch Deck — investor uchun taqdimot tayyorlashga alohida o‘rin berildi.
Ishtirokchilar muammo va yechim, mahsulotning qiymat taklifi, bozor, raqobatchilar, biznes-model, jamoa hamda investitsiya so‘rovini qisqa va tushunarli ifodalashni o‘rgandilar.
Yakuniy bosqichda esa startapchilar o‘z loyihalarini uch daqiqa davomida taqdim etib, keyingi ikki daqiqada savollarga javob berdi. Ekspertlar fikr-mulohazalari ishtirokchilarga loyihalarining kuchli jihatlarini aniqlash va takomillashtirish zarur bo‘lgan nuqtalarni ko‘rish imkonini berdi.
Tadbir doirasida istiqbolli loyihalarni «IT Park»ning Andijon filialidagi inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari, mentorlik imkoniyatlari hamda investitsiyaga tayyorlashning keyingi bosqichlariga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Bu imkoniyatlar yosh startapchilar uchun loyihalarini yanada takomillashtirish, tajribali mutaxassislardan maslahat olish va biznesni rivojlantirish yo‘llarini o‘rganishda muhim qadam bo‘lishi mumkin.
Nigora Rahmonova, O‘zA