Aholi bilan davlat o‘rtasidagi “ko‘prik” vazifasini bajaruvchi xalqchil tuzilma
Davlatimiz rahbarining 2023-yil 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tashkil etilib, ularni boshqarishda mutlaqo yangicha tizim – “Mahalla yettiligi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mamlakatimizda 2026-yil “Mahallalarni rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi esa, bu sohada olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 18-19-sentabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida mahallalarni rivojlantirish, aholining turmush darajasini yaxshilash, mahallalarning infratuzilmasini yanada takomillashtirish, ijtimoiy masalalarni joyida hal etish va mahallani aholi muammolarini hal qiladigan eng yaqin bo‘g‘in sifatida yanada kuchaytirish bo‘yicha muhim vazifalar ilgari surildi. Bu esa, mahalla tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish, mahallalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha yangi vazifalarni belgilab berdi.
– O‘tgan davr mobaynida hududdagi jami 452 ta mahallaning aholi bilan davlat o‘rtasidagi “ko‘prik” vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishiga ko‘maklashish, “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etishda sezilarli darajada ishlar olib borildi, – deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Sag‘indiq Turmanov. – “Mahalla yettiligi”ga qulay sharoit yaratish maqsadida so‘nggi yillarda 207 ta mahalla binosida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, shundan 133 ta mahalla binosi yangidan qurilganini alohida ta’kidlash mumkin. Joriy yilning o‘zida 23 ta mahalla xizmat binosi bilan ta’minlangan bo‘lsa, 22 ta mahallaning xizmat binolarida qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, hozirgi kunga qadar 376 ta mahalla binosiga energiya tejamkorligini ta’minlash, ekologik toza energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va mahalla binolarini uzluksiz elektr quvvati bilan ta’minlash maqsadida quyosh panellari o‘rnatildi.
Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan farmoni va qaroriga muvofiq “Mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi” mablag‘lari shakllantirilib, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va aholi muammolarini hal etishga yo‘naltirilmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2026-yil 9 oy davomida mahalla byudjetiga jami 23 milliard 293 million so‘m mablag‘ tushirildi. Ushbu mablag‘lar asosan mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, ijtimoiy ob’ektlarni qurish va ta’mirlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish hamda mahalla hududida infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan boshqa tadbirlarni moliyalashtirishga sarflanmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mahallalarni rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, “Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi” hisobidan 4 milliard 964 million so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada 3 ming 395 dona tungi yoritish chirog‘i, 13,2 km yo‘lga tosh yotqizildi, 13 ta bolalar maydonchasi va 5,5 km salomatlik yo‘li qurildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 452 ta mahallada 7 ming 232 ta uy-joyi ta’mirlab beriladigan ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxati shakllantirilib, manzilli reja tasdiqlab olindi. Bugungi kunda 6 mingdan ziyod oilaning uy-joyi homiylik yo‘li bilan ta’mirlab berildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan bugungi kunda 452 ta mahallada “Raqamli mahalla” tizimi joriy etilganini alohida ta’kidlash joiz. Mazkur platformalarga 23 xil ma’lumot kiritilib, ular “Mahalla yettiligi” a’zolari tomonidan yangilanib, tegishli ma’lumotlar kiritib borilmoqda.
Mamlakatimizda har yili “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Bunda “mahalla yettiligi”, jumladan, ko‘p sonli faollar hamda mahalla oqsoqollarining ishtiroki muhim o‘rin tutmoqda. Joriy yil bahor mavsumida 800 mingdan ziyod manzarali va mevali daraxt ko‘chati ekildi. Bunda kam ta’minlangan, shuningdek, yolg‘iz oilalarning tomorqa yerlariga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidlash joiz.
Shu o‘rinda Prezidentimiz tomonidan 2024-yilning 25-iyunda qabul qilingan “Mahallalarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirdi. Ushbu qaror asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 67 ta mahallada “Mahalla servis kompaniyasi” faoliyati tashkil etildi. 2026-yilda ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun hisob raqamlariga jami 1 milliard 184 million so‘m mablag‘ tushirildi.
– Oxirgi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning tub mohiyati inson qadrini ulug‘lash, aholi turmush darajasini oshirish va fuqarolarning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlashga qaratilgan. Bu borada mahalla instituti davlat va jamiyat o‘rtasidagi eng ishonchli ko‘prikka aylandi. Ilgari faqat ma’lumotnoma beruvchi va fuqarolarni hisobga oluvchi idora sifatida atalgan mahalla bugungi kunga kelib, muammolar joyida hal etiladigan, moliyaviy imkoniyatlarga ega va aholi ijtimoiy himoyasini ta’minlaydigan qudratli tuzilmaga aylandi. Buni bizning mahalla fuqarolari yig‘ini misolida yaqqol ko‘rish mumkin, – deydi Nukus shahridagi “Nao‘qan bag‘” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, “Shuhrat” medali sohibasi Zamira Aytbayeva.
Hududda 1000 dan ortiq xonadonda 5 ming 36 nafardan ziyod aholi ahil va totuvlikda istiqomat qilib kelmoqda. Mahallada olib borilgan tizimli ishlar, jumladan, ishsizlar bandligini ta’minlash, aholini munosib kasblarga o‘qitish, imtiyozli kreditlar va ssudalar ajratish orqali oilalar daromadi oshirildi. Buning natijasida mahallada kambag‘allik darajasi 2,3 foizga tushishga erishildi. “Yettilik” tizimi tufayli fuqarolarning barcha muammolari mahallaning o‘zida hal etilmoqda.
Ilgari mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash va infratuzilmasini rivojlantirish uchun o‘z mablag‘i bo‘lmagan bo‘lsa, yangi tizim asosida fuqarolarning mol-mulkidan to‘lanadigan soliqlarning 15 foizi mahallaning o‘z hisobida qolmoqda. Aholining kam ta’minlangan va og‘ir turmush sharoitida yashayotgan qatlamini qo‘llab-quvvatlash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mazkur mahalla fuqarolar yig‘inidagi 50 ga yaqin kambag‘al oilaning uy-joylari shiferlangan bo‘lsa, 10 ta xonadonga zamon talablariga mos quyosh panellari o‘rnatildi. Og‘ir turmush sharoitidagi 5 ta oilaning uy-joylari to‘liq ta’mirlab berildi.
Bundan tashqari, 22 yil davomida doimiy ish binosiga ega bo‘lmay, ijarada faoliyat yuritib kelgan mahalla jamoasi uchun 2025-yilda yangi, zamonaviy xizmat binosi foydalanishga topshirildi. Bu esa fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqdi. Aholini qiynab kelayotgan atrof-muhit va infratuzilma muammolarini hal etishda “Tashabbusli byudjet” loyihasi beqiyos rol o‘ynamoqda. Fuqarolarning faol ishtiroki va tashabbusi mahallamiz ushbu tanlovda 6-marta g‘olib bo‘lib, 6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni jalb etdi. Ushbu mablag‘lar evaziga nafaqat mahalla, balki butun Nukus shahri rivojiga hissa qo‘shuvchi yirik loyihalar hayotga tatbiq etildi. Jumladan, qo‘shni mahalla o‘rtasida o‘tadigan temir yo‘l ustidan avtomobil yo‘li ochildi, bu esa qatnovni yengillashtirdi. Oqova suv tarmog‘i tortildi, buning natijasida 1000 dan ortiq xonadon o‘z tomorqasidan samarali foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Kollektor obodonlashtirildi. 40 yil davomida Nukus shahrining chiqindi poligoniga aylanib qolgan maydon aholi uchun qulay va toza hududga aylantirildi.
Bugungi kunda mahallalarda “ko‘chaboshilar” instituti aholi bilan yaqin hamkorlikda "mahalla yettiligi"ning chinakam ko‘makchisiga aylandi. Chunki Qoraqalpog‘iston Respublikasida Jo‘qorg‘i Kengesi raisi tomonidan hududdagi shahar va tuman ko‘chaboshilari moddiy hamda ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanib borilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash kengashi tomonidan 2024-yildan boshlab mahalla, shahar va tuman hamda respublika bosqichlaridan iborat “Eng namunali ko‘chaboshi” tanlovi an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda.
Tanlov doirasida so‘nggi 2 yilda 904 nafar ko‘chaboshi jami 1 milliard 458 million so‘m miqdorida moliyaviy mukofotlangan bo‘lsa, bir guruh ko‘chaboshilari Qoraqalpog‘iston Respublikasida Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidium qaroriga asosan ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanib borilayotganligini ta’kidlash joiz.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Sag‘indiq Turmanovning ta’kidlashicha, mahalla tizimidagi ishlarni yanada rivojlantirish maqsadida 2026-yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab olindi. Xususan, 2026-yil yakuniga qadar 52 ta mahallani to‘liq xizmat binosi bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.
Ko‘chaboshilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Eng namunali ko‘chaboshi” tanlovi tashkil etiladi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahallalarda 1 million 700 mingdan ziyod manzarali va mevali daraxt ko‘chati ekiladi.
Prezidentimizning joriy yil 23-sentabrdagi “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda mahallalar rolini kuchaytirish va hududlarning yashillik darajasini tubdan oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida oktabr-noyabr oylari davomida respublikada “Tozalik va ozodalik” dolzarb 2 oyligi o‘tkazilmoqda. Yil yakuniga qadar “Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi”ga jami 37 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ tushirish rejalashtirilgan. “Raqamli mahalla” platformasiga kiritiladigan ilovalar “Mahalla yettiligi” a’zolarining tegishli bazalari bilan to‘liq integratsiya qilinadi hamda ularning faoliyatini raqamlashtirish, monitoring qilish va boshqarish imkoniyatlari kengayadi.
Xulosa qilib aytganda, mahalla endi shunchaki ma’muriy idora emas, balki aholi farovonligini ta’minlaydigan, inson qadrini ulug‘laydigan va eng muhimi fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydigan qudratli kuchga aylandi. “Mahalla obod bo‘lsa – butun yurt obod bo‘ladi”, degan gap bejiz aytilmagan. Zero, aholining roziligi va farovonligi aynan ushbu maskandan boshlanadi.
[gallery-32209]
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA