Amir Temur siymosi xalqaro ekspertlar nigohida
Yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi Sohibqiron Amir Temur haqida gap ketganda, eng avvalo, u ko‘z oldimizda adolatli va marifatli davlat rahbari, mukammal darajadagi harbiy salohiyatga ega qo‘shinlar sarkardasi hamda xalqimiz tarixining mangu mashalasi siymosi sifatida namoyon bo‘ladi.
O‘zA Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi oldidan xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega turli soha mutaxassislari fikrini jamoatchilikka yetkazishda davom etadi.
Frederik Bopertyui-Bressan,
Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi rahbari:
– Amir Temur oddiy askarlikdan buyuk sarkarda darajasiga ko‘tarilib, Hindistondan Yevropagacha, Arabistondan Sibirgacha bo‘lgan ulkan hududda kuchli davlat qurgan. Boshqa jahongirlardan farqli o‘laroq bunyodkorlik, ilm-fan, madaniyat rivojiga alohida e’tibor qaratgan.
Olimlar, me’morlar, hunarmandlar, tabiblar, faylasuflar, shoiru mashshoqlarga g‘amxo‘rlik qilgan. Sohibqiron davridagi taraqqiyot Yevropadagi uyg‘onish jarayoniga ham ta’sir ko‘rsatgan.
Temuriylar san’atining o‘ziga xosligi shundaki, turli madaniy an’analar – turk, fors, Yaqin Sharq, hind va xitoy ijodiy uslublari ajib bir tarzda uyg‘unlashgan. Boshqa hech qayerda ushbu an’analar bunchalik samarali va betakror hamohanglikka erishmagan. Amir Temur madaniyatlarning o‘zaro muloqoti uchun infratuzilma yaratdi va avlodlarga meros qoldirdi.
Avval Samarqand, keyin Hirotda ilm-fan, adabiyot va san’at beqiyos darajada rivojlandi. Temuriylarning yorqin merosini atroflicha o‘rganib, mazkur Uyg‘onish davri an’analarini davom ettirish O‘zbekistonda uchinchi Renessansga ham poydevor qo‘yishiga ishonaman.
Sergey Paxomenko,
Latviya universiteti dotsenti, tarixchi olim:
– Bilasizmi, ko‘pchilik tarixiy manbaalarda Amir Temur nomi ayniqsa, Yevropa tomonlarda “Temurlang” deb bayon etilgan va adolatli shoh sifatida etirof etilib, qilgan ishlaridan minglab misollar keltiriladi. Haqiqatdan ham Amir Temur imperiyasida qonun har qanday vaziyatda ustun qo‘yilgan va inson manfaatlariga xizmat qilgan.
Shuni takidlab o‘tish lozimki, qadim-qadim zamonlardan beri turkiy xalqlarning ham oila, mol-mulk, meros, davlat bilan fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtirib turuvchi, jinoyat va jazo masalalariga tegishli qonun-qoidalari bo‘lgan. Bu qonunlar yillar mobaynida xalqning milliy mentaliteti, urf-odatlari, axloqiy qarashlari bilan uzviylikda rivojlanib, mukammallashib borgan.
Ulusning taqdiri, raiyatning turish-turmushi ko‘p jihatdan markaziy davlat apparatining qanday bo‘lishi, uning viloyat, shahar, tuman va katta-kichik qishloqlardagi idoralarining ish yuritishiga bog‘liq bo‘lgan. Shuningdek, ushbu idoralarda xizmat qilib turgan mansabdorlarning nasl-nasabli, imon-insofli, ishbilarmon bo‘lishlari ham katta ahamiyatga ega va bunga Amir Temur alohida etibor bergan. O‘z atrofiga sadoqatli, aql-farosatli, sabr-matonatli kishilarni to‘plagan va ularga ko‘proq ishongan.
Shuning uchun ham bu siymo nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro hamjamiyatda ham yuksak etirof etiladi. Hatto YUNESKO rahbarligida ko‘pgina xorijiy mamlakatlarda Amir Temur tavallud kunlari keng nishonlab kelinadi.
Umuman olganda, jasorat va mardlik, adolat va oliyjanoblik bilan dunyoning yarmini egallagan shunday buyuk sarkardasi borligi bilan o‘zbeklar har qancha faxrlansa arziydi.
Amir Teymur Akbar Rafei,
Eronning Tehron universiteti qoshidagi Ilmiy tadqiqot instituti professori:
– Temuriylar davrida Turonu Eronda ilm-fan, adabiyot va san’at sohalarida katta yutuqlarga erishilgan. Muhim xususiyati shundaki, taraqqiyot doirasi juda kengayib, butun imperiya bo‘ylab Samarqanddan Buxorogacha, Buxorodan Hirotu Balx, Mashhad, Yazd... va Sharqning boshqa shaharlarigacha bu madaniy ta’sir yaqqol sezilib turgan.
Temuriylar hukmronligida faqat markaziy hokimiyat emas, turli hududlardagi hokimlar ham o‘z g‘aznasi hisobidan olim va ijodkorlarga homiylik qilishni sharaf deb bilganki, shunday muhitda Renessans ro‘y bermasligi mumkin emas edi. Ayniqsa, temuriy malikalarning mamlakat ma’naviy ravnaqiga qo‘shgan beqiyos hissasini e’tirof etmoq zarur.
Amir Temur juda ulkan mintaqada tinchlik o‘rnatgani, bir necha xalqlar hamjihat va xavfsiz yashay boshlagani bois savdo-sotiq, tadbirkorlik va ishlab chiqarish rivojlandi. Natijada faqat birlamchi ehtiyojlardan ortib, ilm-fan va madaniyatga homiylik qilish uchun yaxshigina mablag‘ to‘plandi va imperiya hududida beqiyos ma’naviy yuksalish sodir bo‘ldi. Shu kabi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar orqali erishilgan taraqqiyot Amir Temur va vorislari nomini jahon tarixiga o‘chmas qilib muhrlagan.
Tiyerno Ahmadu Si, jurnalist (Senegal):
– Ta’kidlash kerakki, Amir Temur nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun jahon tarixi rivojiga ta’sir ko‘rsatgan nodir shaxslardan biri. U kuchli irodaga ega bo‘lgan davlat arbobi va tengsiz harbiy strateg edi. Sohibqiron qisqa vaqt ichida hududlarni birlashtirib, markazlashgan davlat barpo etishga muvaffaq bo‘ldi. Bu o‘sha davrda nafaqat siyosiy barqarorlikni mustahkamladi, balki savdo-sotiq, hunarmandchilik va ilm-fan rivojiga ham keng yo‘l ochdi. Ayniqsa, Samarqandning gullab-yashnashi Temur siyosatining eng yorqin ifodasidir, deyish mumkin.
Amir Temur o‘z davrida nafaqat harbiy yurishlar bilan, balki davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, adolat tamoyillarini joriy etish orqali ham katta e’tibor qozondi. Uning “Temur tuzuklari” asarida davlatni boshqarish, qonun ustuvorligini ta’minlash va jamiyatda tartib-intizomni mustahkamlashga oid muhim g‘oyalar ilgari surilgan.
E’tiborlisi, Temuriylar davrida madaniyat va ilm-fan rivoji yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu jarayon keyinchalik Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarning yetishib chiqishiga zamin yaratdi. Ayniqsa, ilm-fanga bo‘lgan e’tibor natijasida astronomiya, me’morchilik, adabiyot va san’at sohalarida ulkan yutuqlarga erishildi. Samarqand esa nafaqat siyosiy markaz, balki butun Sharq sivilizatsiyasining muhim madaniy markaziga aylandi.
O‘tkir Alimov, O‘zA