Amerikalik uchuvchini qutqarish amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi
AQSH Prezidenti Donald Tramp so‘zlariga ko‘ra, jarohatlangan zobit endi xavfsiz holatda. Tramp bu bir necha kun ichida ikki amerikalik uchuvchi dushman hududidan alohida qutqarilgan ikkinchi amaliyot ekanini ta’kidlab, Amerika Eron ustidan yuqori darajada havo ustunligiga egaligini alohida qayd etdi.
Yetakchi ijtimoiy tarmoq sahifasida amerikalik uchuvchi Eronda qutqarilishining yangi tafsilotini ham oshkor qildi:
– Eron tog‘ida og‘ir jarohatlangan, chinakamiga jasur G‘-15 ekipaji a’zosi va zobitni qutqardik. Raqib harbiylari tinmasdan qidiruv olib borishdi va yaqinlashib kelishdi. U hurmatga loyiq polkovnik.

Tramp odamlar va texnika uchun xavfli bo‘lgani tufayli bunday reydlar kamdan-kam hollarda amalga oshirilishini qo‘shimcha qildi:
– Bu shunchaki sodir bo‘lmaydi! Birinchi reyddan keyin tashkil qilingan g‘ayrioddiy ikkinchi reydda uchuvchi kunduzi qutqarildi. Eron uzra 7 soat vaqt o‘tkazdik. Barcha ishtirokchilar ajoyib jasorat va iste’dod namunasini namoyish etishdi!
Shu munosabat bilan Oq uy rahbari Oval kabinetda harbiy amaldorlar bilan matbuot anjumani o‘tkazishini e’lon qildi. Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) amerikalik zobitni qutqarish uchun Islom Respublikasi bo‘ylab yolg‘on xabar tarqatish (dezinformatsiya) amaliyoti o‘tkazganini ma’lum qildi.

AQSHning yuqori lavozimli amaldori “Fox News” telekanalida Amerika razvedka agentliklari samolyot halokatidan keyin Eron hududida qolgan zobitni qutqarish uchun keng ko‘lamli dezinformatsiya amaliyoti o‘tkazilganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy xizmatchi topilishidan oldin ham MRB AQSH kuchlari allaqachon zobitni topgani va evakuatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida yolg‘on ma’lumot tarqata boshlagan. Ta’kidlanishicha, bu amaliyot Eron rasmiylarini chalg‘itishga xizmat qilgan va AQSHga haqiqiy qidiruv uchun qo‘shimcha vaqt bergan.
– Oxir-oqibat zobit MRBning noyob va ilg‘or imkoniyati yordamida topildi, – deyilgan xabarda.
Olingan ma’lumot tezda Oq uyga yetkazilgan. Keyin Tramp zudlik bilan qutqaruv amaliyotini boshlash yuzasidan ko‘rsatma bergan.
Jarayon Markaziy qo‘mondonlik – CYeNTCOM tomonidan muvofiqlashtirilgani aytilyapti.
Manbaga ko‘ra, mazkur amaliyot “somon orasidan igna qidirish” kabi murakkab. Zobit uzoq tog‘ darasida yashiringan, raqibda uni topish imkoni bo‘lmagan.
S.Rahimov, O‘zA