Akademik litsey o‘qituvchisi xalqaro tanlovda g‘olib bo‘ldi
Parijda o‘tgan xalqaro tanlovda o‘zbekistonlik o‘qituvchi jahon pedagoglarini hayratda qoldirdi. Uning fizika fanini o‘qitishdagi noyob yondashuvi yuqori baholandi. Bu muvaffaqiyat siri nimada?
Mamlakatimizda ta’limga qaratilayotgan e’tibor o‘zining mevasini bermoqda. Xususan, bunda o‘qituvchilarning ilmiy mahorati va moddiy ta’minotini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar alohida olqishga sazovor.
Ana shunday imkoniyatlarning samarasi o‘laroq,Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti akademik litseyining fizika fani o‘qituvchisi Gulchehra Bekniyazova Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan nufuzli “The Best Education Project International” xalqaro tanlovida g‘olib bo‘ldi.
U mazkur xalqaro tanlovda zamonaviy pedagogik yondashuv – fizikani o‘qitishda real va virtual laboratoriyalarni uyg‘unlashtirishga qaratilgan innovatsion ilmiy maqolasi bilan qatnashib, xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholandi.
Xalqaro tanlov yakunida Gulchehra Bekniyazova diplom, Xalqaro fan, madaniyat va san’at akademiyasi (IASCA) tomonidan oltin medal, shuningdek, esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Ta’kidlash joizki, ushbu yutuq yurtimiz ta’lim tizimining tobora takomillashib borayotganidan dalolat.
Sherbek Islomov, O‘zA