«After Us» ko‘rgazmasi: avlodlar uchun qanday dunyo qoladi?
O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi navbatdagi betakror, qiziqarli va mushohadaga chorlovchi ijodiy ko‘rgazma bilan tomoshabinlarni o‘z bag‘riga chorlamoqda.
Bu yerda «5+1» ijodiy guruhi tomonidan zamonaviy davrning eng dolzarb masalalaridan biri — ekologik muammolar hamda inson va atrof-muhit o‘rtasidagi munosabatlarga bag‘ishlangan «After Us» ko‘rgazma loyihasi taqdim etilmoqda.
Ko‘rgazma nomi tomoshabinni kelajak haqida o‘ylashga undaydi: bizdan keyin qanday dunyo qoladi? Kelajak avlodlarga nimalar meros bo‘lib o‘tadi? Insoniyat tabiatga aralashuvi uchun bugun qanday badal to‘lamoqda?
[gallery-29819]
Ekspozitsiyadan o‘rin olgan asarlarni tomosha qilgan har bir insonda shu haqdagi mulohazalar uyg‘onadi: bugungi kunda tabiatga, ilm-fanga va bir-birimizga bo‘lgan munosabatimiz ertangi dunyoning poydevorini yaratmoqda. Texnologiyalar asrida yashar ekanmiz, vijdon va ma’naviyatni asrab qolish farzandlarimizga qoldiradigan eng katta merosimiz ekani haqida o‘yga tolamiz.
Suvning har bir tomchisini, yerning har bir qarichini asrash orqali kelajakni ochlik va qurg‘oqchilik xavfidan muhofaza qilishimiz mumkin. Agar insoniyat faqat moddiy boylik ortidan quvsa, ertangi kunga sovuq, jonsiz va ruhsiz olam qolishi ehtimoldan xoli emas. Bizdan keyin qoladigan dunyoning qiyofasi bugun amalga oshirayotgan har bir kichik, ammo ezgu tanlovimizda namoyon bo‘ladi. Shu bois, kelajak avlodlarga nafaqat rivojlangan shaharlar, balki musaffo tabiat va toza vijdonni ham meros qilib qoldirish burchimizdir.
Ekspozitsiyada ekologik muammolar mavzusida yaratilgan, biroq uni turli badiiy shakllar va mualliflik yondashuvlari orqali talqin etuvchi asarlar namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazmada Diyor Roziqov, Sanjar Jabborov, Sharifa Sharafxo‘jayeva, Doniyor Sharafxo‘jayev va Nuriddin Rasulov kabi ijodkorlarning asarlari bilan tanishish mumkin.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA muxbirlari