Afg‘oniston tadbirkorlari Farg‘onada (+video)
Siyosiy me’yorlari tamomila boshqacha bo‘lgan O‘zbekiston so‘nggi yillarda Afg‘oniston bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda. Shu oyda Namangan viloyat hokimi boshchiligidagi tadbirkorlar delegatsiyasi Afg‘onistonda bo‘ldi. Toshkentda “Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ostidagi mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Mana bugun esa Farg‘onada O‘zbekiston – Afg‘oniston savdo va investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Ha endi, Afg‘oniston qo‘shni davlatda, qo‘ni-qo‘shni bilan esa shunday aloqalar o‘rnatiladi-da, dersiz. Yo‘q. Gap faqat jug‘rofik joylashishda emas. Mamlakkat ochiq tashqi siyosat, ochiq iqtisodiy siyosat tamoyilini tanladi. Endi O‘zbekiston AQSH, Yaponiya, Avstraliya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlar bilan qanday shartlarda savdo- sotiq olib borsa, shu qoidalar Afg‘onistonga ham taaluqli. Ya’ni har bir shartnomada o‘zaro tenglik va manfaat.

Farg‘ona forumiga Afg‘onistondan 40 nafar tadbirkor tashrif buyurdi. Ular dastlab “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bilan tanishdilar.
Hududda jami 156 ta istiqbolli loyiha joylashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 120 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, mazkur korxonalar tomonidan 10 dan ortiq davlatlarga 138 million dollar miqdoridagi mahsulot eksport qilindi.
Shuningdek, Termiz shahrida tashkil etilgan "Afg‘oniston–O‘zbekiston savdo uyi" da hozirgi kunda “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasidagi 20 dan ortiq tadbirkor o‘z faoliyatini olib bormoqda.

Ayni paytda hududda 11 ming 700 nafardan ortiq ish o‘rinlari yaratilgan.
Dastlab mehmonlarga “BNBM Building Materials Central Asia” korxonasida zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish jarayonlari ko‘rsatib o‘tildi.

Shundan so‘ng delegatsiya “Yong Xin” MCHJ da amalga oshirilgan yirik loyiha bilan tanishdi. Xitoylik hamkor tomonidan kiritilgan 90 million dollarlik investitsiya hisobiga kafel mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mehmonlarga korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari va eksport salohiyati haqida ma’lumot berildi.

Uchko‘prik tumanidagi “Boboshbek” savdo-ishlab chiqarish majmuasi ham afg‘onistonlik tadbirkorlarda katta taassurot qoldirdi. Shu yerda o‘nga yaqin hamkorlik bitimlari imzolandi.
Farg‘ona forumida so‘zga chiqqan viloyat hokimining o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov asl maqsadni aytdi:
– Biz Afg‘onistonga qo‘shni deb emas, avvalo. hamkor deb yondashamiz. Masalan, uning xomashyosini Farg‘onada qayta ishlab uchinchi davlat bozoriga olib kiramiz.

Aslida ham shunday. Farg‘ona viloyatida bugun 40 dan ziyod afg‘on tadbirkorlari o‘z biznesini ochgan. Ular qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, qurilish sohalarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Savdo va investitsion forumda ikki davlat tadbirkorlari muzokaralar olib borishdi va shartnomalar imzoladilar.
– Maqsad Farg‘ona viloyati va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmini oshirish, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Yuldoshev. – O‘tgan yili u 70 million dollarga teng edi. Bugun terini qayta ishlash, elektrotexnika, mebelsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalar bo‘yicha o‘nlab kelishuvlarga erishildi. Kechaning o‘zida “Boboshbek” savdo-ishlab chiqarish majmuasi hamda “Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasi”da 70 million dollarlik shartnoma tuzilgan edi. Bugungi yuzma-yuz muloqotlar chog‘i natija unga nisbatan bir necha barobar ko‘proq bo‘lishini kutyapmiz. Umuman olganda Farg‘ona viloyati va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo aylanmasini bu yil 600 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Afg‘oniston bilan savdo aloqalarida xavotirlik borligini farg‘onalik ishlab chiqaruvchilar yashirmadilar. Lekin Afg‘oniston Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari Ariyon Azimiy hech qanday shubha qoldirmadi.

– Bugungi Afg‘onistonda kechagi siyosiy beqarorlikka chek qo‘yilgan. Biz dunyo hamjamiyati bilan teng huquq va imkoniyatlar istaymiz, – dedi u O‘zAga bergan intervyusida. – Farg‘ona viloyati bilan tanishdik, hamkorlik shartnomalarini imzoladik, endi biz bu do‘stlik, ishonch ko‘prigini sadoqat bilan mustahkamlaymiz. Ilgari biz zarur mahsulotlarni uzoq o‘lkalardan sotib olar edik. Prezident Shavkat Mirziyoyev bizga eshiklarni ochdi. Endi ehtiyojimizdagi mahsulotni birgalikda ishlab chiqaramiz.
Afg‘onistonlik tadbirkorlar Farg‘ona viloyatidagi yuzdan ziyod ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikning huquqiy asoslarini tuzmoqdalar.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xA_WMLvuUKA" title="Afg‘oniston tadbirkorlari Farg‘onada" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA