Ko‘rish imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yaponiya tajribasi o‘rganildi
Mamlakatimizda ijtimoiy himoya va inklyuziv ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Bu borada ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi, “International Inclusive Hub”, hududiy boshqarmalar hamda “Nurli maskan” maktab-internatlari mutaxassislaridan iborat ishchi guruh ko‘rish imkoniyati cheklangan bolalarga ta’lim berish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va kasbga yo‘naltirish bo‘yicha ilg‘or tajribani o‘rganish maqsadida Yaponiyaga xizmat safari bilan bordi.

Xizmat safari davomida ishchi guruh tomonidan ixtisoslashtirilgan maktablar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, maxsus markazlar hamda jamoat birlashmalariga tashriflar amalga oshirildi. Bu esa sohada qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlar va samarali mexanizmlar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Shuningdek, Yaponiya Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi huzuridagi Maxsus ta’lim departamenti direktori bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda mazkur toifadagi bolalar uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy assistiv texnologiyalarni joriy etish, malakali kadrlar tayyorlash hamda pedagoglar faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif dasturi doirasida Yaponiyada qo‘llanilayotgan samarali amaliyotlar bilan kompleks tarzda tanishilib, ta’lim jarayonidan tortib bandlik va ijtimoiy integratsiyagacha bo‘lgan yo‘nalishlar chuqur o‘rganildi.
Qayd etilishicha, o‘rganilgan ilg‘or tajribalarni amaliyotga joriy etish orqali O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimi va inklyuziv ta’lim sifatini yanada takomillashtirishga erishiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA