Adolat — inson qadrining eng mustahkam kafolati
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezoni — inson manfaati, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash, jamiyatda qonun ustuvorligi va adolat muhitini mustahkamlashdir.
Bu jarayonda sud hokimiyatining o‘rni beqiyos. Shu nuqtai nazardan, Prezidentimizning “Odil sudlov – 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish bilan birga, insonning adolatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
Ushbu hujjatning eng muhim jihati — sud tizimidagi islohotlarning markaziga inson taqdirining qo‘yilganidir. Chunki odil sudlovni faqat sud binolari, yangi tartib-taomillar yoki raqamli texnologiyalar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Uning haqiqiy mezoni o‘z haq-huquqini himoya qilish uchun sudga murojaat qilgan insonning adolat qaror topishiga bo‘lgan ishonchidir.
Farmonda ilgari surilgan “xalqchil sud” g‘oyasi aynan shu nuqtai nazardan alohida ahamiyatga ega. Sud xalqdan uzoq, murakkab va tushunilishi qiyin tizim emas, balki fuqaroning huquqini himoya qiladigan, uni eshitadigan va qonuniy manfaatlarini ta’minlaydigan institut bo‘lishi kerak. Shuningdek, sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish, sudyalar mustaqilligini ta’minlash, sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini oshirishga qaratilgan choralar qonun ustuvorligini amalda ta’minlashning muhim shartlaridir.
Bugun inson davlat idorasining eshigini qoqqanda, u yerda navbat yoki byurokratik to‘siq emas, o‘z huquqini himoya qilish imkoniyatini ko‘rishi kerak. Sud tizimi ham shu mezon asosida rivojlanishi lozim. “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi uchun adolat shunchaki shior emas. Bu inson qadrini himoya qilish, qonun oldida tenglikni ta’minlash, jamiyatda ijtimoiy mas’uliyat va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan aniq pozitsiyadir.
Shu bois “Odil sudlov – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarning samarali amalga oshirilishiga nafaqat huquqshunoslar yoki sud tizimi vakillari, balki fuqarolik jamiyati institutlari, siyosiy partiyalar va keng jamoatchilik ham befarq bo‘lmasligi kerak. Zero, sudda qabul qilingan har bir adolatli qaror ortida insonning taqdiri, oilasining xotirjamligi, uning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi turadi. Shu ma’noda, odil sudlovni ta’minlash huquqiy tizimni takomillashtirishdan ham kengroq tushuncha. Bu jamiyatda adolatga bo‘lgan ishonchni qaror toptirish demakdir.
“Odil sudlov – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilishi natijasida sud tizimi yanada xalqchil, ochiq va adolatli bo‘lib, inson huquqlari qog‘ozdagi norma emas, hayotdagi ishonchli kafolatga aylanadi. Adolat qaror topgan joyda inson qadri yuksaladi. Inson qadri yuksalgan jamiyat esa, albatta, taraqqiy etadi.
Nurlibay QAYPBERGENOV,
“Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi.
O‘zA