O‘zbekistondagi islohotlar va natijalar yuqori baholandi
Avval xabar berganimizdek, bugun poytaxtimizda mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Mustaqil O‘zbekiston – 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Parlament, vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, shuningdek, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va Qirg‘iziston parlamentlari a’zolari, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari ishtirokida o‘tgan anjumanda ishtirokchilar O‘zbekiston erishayotgan natijalarni yuksak baholab, mazkur konferensiyaning ahamiyatini e’tirof etdi.
Sabine Maxl,
BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi Doimiy koordinatori:

— Barqaror taraqqiyot, eng avvalo, amalga oshirilayotgan islohotlar odamlarning kundalik hayotida, ularga ko‘rsatilayotgan davlat va ijtimoiy xizmatlar sifatida, aholi farovonligi va turmush darajasida aniq natijalar bilan namoyon bo‘lgandagina mustahkam va samarali bo‘ladi. Shu ma’noda so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda inson qadri va manfaatlarini islohotlarning markaziga qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni alohida e’tirof etish lozim.
Mamlakatda iqtisodiy yangilanishlarni ijtimoiy taraqqiyot, samarali davlat institutlari va inson huquqlarini ta’minlash bilan uyg‘un olib borishga intilish yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Aslida Barqaror rivojlanish maqsadlarining asosiy mantig‘i ham shundan iborat. Ular iqtisodiy transformatsiya, ijtimoiy taraqqiyot va ekologik barqarorlikni, shuningdek, samarali institutlar hamda inson huquqlarini o‘zaro bog‘liq holda ta’minlashni nazarda tutadi.
O‘zbekiston bu yo‘nalishlarning barchasida salmoqli natijalarga erishdi. O‘tgan yilgi Barqaror rivojlanish hisobotida O‘zbekiston 167 ta mamlakat orasida 62-o‘rinni egalladi. Mamlakat ushbu reytingda 19 pog‘ona yuqoriladi. Barqaror rivojlanish maqsadlarining qariyb 45 foizi bajarilgan yoki belgilangan muddatda amalga oshirish yo‘lida bormoqda.
Eng muhimi, bu natijalar bugun odamlarning kundalik hayotida tobora yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan, inson qadri va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar natijasida kambag‘allik darajasi 2021-yildagi 17 foizdan o‘tgan yili qariyb 5,8 foizgacha qisqardi. Shuningdek, davlat xizmatlarini takomillashtirish va aholi uchun yanada qulay qilish borasidagi islohotlar qariyb 30 million kishini qamrab oldi. Bu O‘zbekiston fuqarolari uchun yiliga taxminan 2 million miqdorida mablag‘ tejalishiga imkon berdi.
Azer Amiraslanov,
Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi Iqtisodiy siyosat, sanoat va tadbirkorlik qo‘mitasi raisi:

— Ozarbayjon uchun O‘zbekiston nafaqat do‘st davlat va strategik hamkor, balki umumiy tarix, madaniy yaqinlik, mushtarak meros va qadriyatlar, o‘zaro hurmat rishtalari bilan bog‘langan qardosh mamlakatdir. Nisbatan qisqa davr mobaynida mamlakatlarimiz an’anaviy do‘stlikdan strategik sheriklikka, undan esa ittifoqchilik munosabatlarigacha bo‘lgan muhim yo‘lni bosib o‘tdi.
Bu jarayonda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar alohida o‘rin tutadi. Ikki davlat rahbarining siyosiy irodasi tufayli ikki tomonlama hamkorlik sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugungi anjuman doirasidagi muhokamalar parlamentarizm, madaniy-gumanitar, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishda muhim maydon bo‘ldi.
Levan Machavariani,
Gruziya Parlamenti deputati, “Gruziya – O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari:

— Gruziya O‘zbekistondagi islohotlarni alohida e’tirof etadi. Biz uchun hamkor mamlakatlar bilan aloqalar ilg‘or tajribalarni o‘rganish, zamonaviy yondashuvlarni rivojlantirish va ta’lim sohasida yangi imkoniyatlarni birgalikda yaratish uchun muhim ahamiyatga ega.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi hamkorlik tobora rivojlanib bormoqda. Xususan, ikki davlat ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Hamkorlik memorandumini imzolagan. Bu esa har ikki mamlakatda kasb-hunar ta’limi tizimlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Umid Яқубхўжаев,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— Ushbu anjuman mamlakatimizning 35 yillik parlament faoliyatini sarhisob qilish, erishilgan natijalarga baho berish va eng asosiysi, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan marralarga erishishda muhim yo‘nalishlarni belgilab olishda muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, strategik va ittifoqchi darajasidagi hamkorlarimiz bilan, parlamentlar hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari bilan iqtisodiy, ijtimoiy va barqaror rivojlanish nuqtai nazaridan erishishimiz kerak bo‘lgan natijalar yuzasidan hamkorlik masalalarini muhokama qilish hamda muhim yechimlarni ishlab chiqishda muhim maydon bo‘ldi.
Ta’kidlash lozimki, oxirgi sakkiz-to‘qqiz yil ichida mamlakatimizda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirildi va buning natijasi xalqimiz hayotida, iqtisodiyotimiz rivojlanishida, mamlakatimizning xalqaro hamkorligini kengaytirish va uning nufuzini oshirishda o‘z aksini topmoqda. Masalan, yalpi ichki mahsulotimiz ko‘rsatkichi 100 milliard dollardan oshgani juda katta natija. 2030-yilga borib, bu ko‘rsatkichni 160 milliard dollarga yetkazishimiz mumkin. Bunda, albatta, Markaziy Osiyo va boshqa davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish dolzarb ahamiyatga ega.
Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va Markaziy Osiyodagi hamkorlikni kuchaytirish borasida oldimizda yanada muhim vazifalar turibdi. Umuman, parlament diplomatiyasi doirasida xalqaro va ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda mazkur anjumanning ahamiyati alohida o‘ringa ega.
Muhtarama Komilova, O‘zA