Abituriyentlar kasbiy (ijodiy) imtihondan o‘tmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan davlat universitetida 2026/2027 o‘quv yili uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar davom etmoqda.
Universitetda 13 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar joriy yilning 10-iyul kuni boshlangan bo‘lib, 16-iyulga qadar davom etadi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlarda ishtirok etish uchun respublikamizning barcha hududlaridan jami 841 nafar abituriyent hujjat topshirgan.
Imtihonlar universitet tomonidan oldindan tasdiqlangan tartib va reglament asosida, adolat va shaffoflik tamoyillariga qat’iy rioya etilgan holda tashkil etildi. Jarayonni yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida universitet rahbariyati tomonidan barcha zarur tashkiliy hamda texnik choralar ko‘rilgan.
[gallery-30383]
Ijodiy yo‘nalishlar bo‘yicha sinovlar moslashtirilgan auditoriyalar, ijodiy ustaxonalar hamda san’at ta’limi uchun maxsus jihozlangan xonalarda o‘tkazilmoqda. Imtihon jarayonida ro‘yxatga olish, kuzatuv va monitoring tartiblariga qat’iy amal qilinmoqda. Shuningdek, abituriyentlarning ota-onalari va hamrohlari uchun qulay kutish maydonchalari tashkil etilib, zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash maqsadida Namangan davlat universiteti tomonidan live.namdu.uz manzili orqali kasbiy (ijodiy) imtihonlarni onlayn kuzatish imkoniyati ham yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tizim ota-onalar hamda keng jamoatchilikka imtihon jarayonlarini bevosita kuzatish, baholash mezonlarining adolatli va xolis amalga oshirilayotganiga ishonch hosil qilish imkonini bermoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA