Abdumalik Xalakov yarim finalda jang qiladi
Xitoyning Guyyan shahrida o‘tayotgan “World Boxing” kubogi chorak finalida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Musobaqaning navbatdagi kunida bir qator hamyurtimiz yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Xitoyning Guyyan shahri mezbonlik qilayotgan boks bo‘yicha “World Boxing” kubogi bahslari qizg‘in pallaga kirdi.
Jumladan, ayollar o‘rtasidagi -57 kilogramm vazn toifasida Nigina O‘ktamova musobaqadagi ishtirokini ishonchli g‘alaba bilan boshladi. U ilk bosqichda braziliyalik Jessika Koutinodan har tomonlama ustun kelib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. -60 kilogramm vazn toifasidagi Sitora Turdibekova esa venesuelalik Krisandi Riosni 3:2 hisobida mag‘lub etib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Erkaklar o‘rtasida -50 kilogramm vaznda bahs olib borayotgan Asilbek Jalilov ozarbayjonlik amaldagi jahon chempioni Subhan Mamedov ustidan 3:2 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, vazni -60 kilogramm bo‘lgan Abdumalik Xalakov AQSH vakili Salim Ellis Beyga qarshi kechgan bahsda 5:0 hisobida zafar quchdi.
Afsuski, chorak final janglarida Shavkatjon Boltayev va Javohir Abdurahimov kabi charm qo‘lqop ustalarimiz o‘z vazn toifalarida mag‘lubiyatga uchradi.
Musobaqaning chorak final bahslarida yana uch nafar hamyurtimiz ringga ko‘tariladi:
-51 kg: Feruza Kazakova — Romane Moulai (Fransiya)
-80 kg: Javohir Ummataliyev — Hussein Iashaish (Iordaniya)
+90 kg: Arman Maxanov — Danabike Bayikevuzi (Xitoy)
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA