Abdulla Qodiriy asarlari sahnada
Xalqimizning sevimli adibi, oʻzbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy asarlari milliy madaniyatimiz, adabiyotimizning mukammal namunasi boʻlishi bilan birga yillar osha ahamiyati, qadr-qimmati tobora ortib borayotgani hech kimga sir emas.
Xalqimizning sevimli adibi, oʻzbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy asarlari milliy madaniyatimiz, adabiyotimizning mukammal namunasi boʻlishi bilan birga yillar osha ahamiyati, qadr-qimmati tobora ortib borayotgani hech kimga sir emas. Adibning “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Obid ketmon”, “Baxtsiz kuyov” singari asarlari nafaqat kitobsevarlarning, balki kino va teatr muxlislarining ham qalbidan chuqur oʻrin egallagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-dekabrdagi tegishli farmoyishi asosida 2019-yilda 37 teatrda A.Qodiriy asarlari asosida 14 nomdagi spektakl sahnalashtirilishi rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kungacha ulardan 8 tasi tomoshabinlar eʼtiboriga havola etildi.
Surxondaryo viloyati qoʻgʻirchoq teatrining “Qodiriy kuldirganda”, Oʻzbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrining “Xotira mangu”, Qoraqalpoq yosh tomoshabinlar teatrining “Mehrobdan chayon”, Oʻzbekiston davlat satira teatrining “Julqunboy” nomli sahna asarlari oʻzining badiiyligi, rejissyorlik talqini va aktyorlik topilmalari bilan eʼtiborga loyiq. Qodiriy asarlarining opera va balet, ayniqsa, qoʻgʻirchoq teatrlari sahnalariga kirib kelgani ham quvonarlidir.
Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida “Kumush” operasi, Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatrida “Otabek va Kumushbibi”, Oʻzbekiston davlat drama teatrida “Jinlar bazmi”, Oʻzbekiston davlat yoshlar teatrida “Skorpion iz altarya”, Fargʻona, Namangan viloyati musiqali drama teatrlari va Samarqand viloyati rus drama teatrida “Oʻtkan kunlar”, Qattaqoʻrgʻon shahar musiqali drama teatrida “Anvoyi tashvish”, Fargʻona viloyati rus drama teatrida “Zapiski kalvaka”, Jizzax viloyati musiqali drama teatrida “Julqunboy kulgilari”, Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida “Baxtsiz kuyov” singari asarlar sahnalashtirilmoqda. Bu spektakllar yaqin kunlarda xalqimiz eʼtiboriga havola etiladi.
Ushbu rang-barang, badiiylikka yoʻgʻrilgan spektakllar tomoshabinlarga adib asarlari, uning qisqa, shiddatli, ammo mazmunli hayot yoʻli haqida oʻziga xos shakl va uslublarda soʻzlashi bilan birga adibning 125-yillik yubileyiga munosib tuhfa boʻlishi shubhasiz.