1146 qisqa raqamli ishonch telefoni ishga tushirilmoqda
EʼLON!
Yurtimiz xotin-qizlarining oilaviy turmush muammolarini bartaraf etishga koʻmaklashish, hayotiy haq-huquqlarini munosib himoya qilish, ularning maishiy zoʻravonlik qurboniga aylanib qolishlarini oldini olish, hayotini qayta yoʻlga qoʻyishda moddiy va maʼnaviy, tibbiy-psixologik yordam berish maqsadida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining 1146 qisqa raqamli Ishonch telefoni oʻz faoliyatini boshlamoqda.
(Maʼlumki, mazkur 1146 qisqa raqamli Ishonch telefoni ish faoliyati muqaddam Xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan olib borilgan.)
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Zoʻravonlikdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazi qoshida mazkur Ishonch telefoni faoliyatini joriy yilning 10-oktyabr sanasidan yoʻlga qoʻyish va uni moliyalashtirish boʻyicha BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi (YUNFPA) bilan oʻzaro kelishuvga erishdi. Hozirda zarur tashkiliy ishlar olib borilmoqda.
Taʼkidlash oʻrinliki, Ishonch telefoni orqali zoʻravonlik qurboniga aylangan xotin-qizlarga hayotidagi mavjud ogʻir vaziyatlardan chiqishlariga yordam berilib, ularga zarur ruhiy, huquqiy hamda tibbiy koʻmak beriladi. Bunda murojaatchi xotin-qizlarning xohishiga koʻra, uning shaxsi sir saqlanadi.
Shuningdek, oʻz atrofidagi xotin-qizlarning haq-huquqlari toptalayotganligiga guvoh boʻlayotgan yoki boshqa salbiy holatlarga duch kelgan yurtdoshlarimiz ham 1146 Ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qilib, bu haqida xabar berishlari mumkin.
Shu oʻrinda yurtimizdagi barcha fuqarolarni yon-atrofingizda nohaq tahqirlanayotgan, tazyiqqa, zoʻravonlikka duch kelayotgan, shaʼni, qadr-qimmati toptalayotgan, huquqlari poymol etilayotgan xotin-qizlar hayotiga befarq boʻlmasliklari, ularni munosib himoya qilib, turli zoʻravonliklar qurboniga aylanmasliklari uchun birgalikda kurashishga chaqiramiz.
Unutmangki, Xotin-qizlar huquqlarini munosib himoya qilish, ularning turmush hayotidagi maishiy muammolar hamda zoʻravonliklardan asrash, turli koʻngilsiz holatlarning oldini olishga har birimiz masʼul va javobgarmiz.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi