Tarixiy meros bebaho boylikdir
“Milliy tiklanish” partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyida “Ichanqal’a — tariximiz manbai” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Kegeyli tumani Kengashi deputatlari, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘qituvchi va talabalari, muzey va partiya xodimlari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ma’ruzachilar tomonidan tarixiy-madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, ularni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish, tarixiy obidalarning ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy va turistik salohiyatidan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Kegeyli tumani hududida joylashgan “Ichanqal’a” tarixiy-me’moriy yodgorlik majmuasining tarixi, bugungi holati va uni asrab-avaylashga doir vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

Manbalarda qayd etilishicha, mazkur yodgorlik XVIII asr oxiri - XIX asr boshlarida qurilgan tarixiy maskanlardan biri hisoblanadi. Ushbu hududda yashab, faoliyat olib borgan buyuk zotlar, mashhur ulamolar, uning avlodlari xalqni ilm-ma’rifatga, odob-axloq va ezgu fazilatlarga da’vat etishda katta xizmat qilganlar.
“Ichanqal’a” yodgorligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan muhofazaga olingan ob’ektlar ro‘yxatiga kiritilgan. Ushbu yodgorlik ajdodlarimizning ilm-fan, ma’rifat va bunyodkorlik borasidagi yuksak salohiyatini namoyon etadigan, tarixiy xotira va milliy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan muqaddas maskanlardan biridir.

Seminar davomida “Ichanqal’a” tarixiy-ziyorat ob’ektining muhim madaniy resurs sifatidagi ahamiyati, ularni ilmiy o‘rganish, muhofaza qilish va jamoatchilikka keng targ‘ib qilish masalalari bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, tarixiy obidalarni asrab-avaylashda mutasaddi tashkilotlar va keng jamoatchilik hamkorligini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, tarixiy meros — bu nafaqat o‘tmishdan qolgan yodgorliklar, balki millatning o‘zligini anglashi, ma’naviy ildizlarini chuqur his etishi va kelajak avlodlarga boy tarixiy yodgorliklarni yetkazishi uchun muhim manbadir. Shu bois “Ichanqal’a” kabi tarixiy maskanlarni asrab-avaylash va ularning ilmiy-ma’rifiy salohiyatidan samarali foydalanish partiyaning asosiy vazifalaridan biri bo‘lib qoladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri