9-sinf bitiruvchilarini texnikumlarga qabul qilish jarayoni boshlandi
Joriy yil 1-iyuldan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 2026-yilgi 9-sinf bitiruvchilarini texnikumlarga qabul qilish jarayoni rasman boshlandi.
Abituriyentlar my.edu.uz elektron platformasi orqali 1-iyuldan 20-iyulga qadar (shu kuni ham) onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tib, respublikadagi 570 ta texnikumning kunduzgi yoki dual ta’lim shakllariga hujjat topshirishlari mumkin.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tishda quyidagi hujjatlar ma’lumotlari kiritiladi:
tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma (o‘quvchining 3x4 hajmdagi fotosurati bilan) yoki ID-karta ma’lumotlari;
maktabning 9-sinfini tamomlaganlik to‘g‘risidagi elektron shahodatnoma ma’lumotlari.
Joriy qabul doirasida 9-sinf bitiruvchilari uchun 166 ta kasb-hunar yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirish imkoniyati yaratilgan. Umumiy qabul kvotasi 202 657 o‘rinni tashkil etadi.
Qayd etilishicha, 9-sinf bitiruvchilari uchun ajratilgan barcha qabul o‘rinlari to‘liq davlat granti asosida shakllantirilgan.
Shuningdek, 14 ta Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumida 27 ta kasb va mutaxassislik bo‘yicha ham qabul amalga oshiriladi. Ushbu ta’lim muassasalari uchun umumiy qabul kvotasi 1 760 ta bo‘lib, shundan 1 640 tasi davlat granti asosida ajratilgan.
Mutasaddilar abituriyentlarga hujjatlarni belgilangan muddatda elektron platforma orqali rasmiylashtirishni tavsiya etmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA