621,6 ming fuqaroga 161,5 milliard so‘mga yaqin ijtimoiy keshbek qaytarildi
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yilning yanvar–mart oylarida ijtimoiy keshbek tizimi orqali 621,6 ming nafar fuqaroga 161,5 milliard so‘mga yaqin QQS mablag‘i qaytarib berildi.
Qayd etilishicha, to‘lovlar hajmi bo‘yicha hududlar kesimida Andijon viloyati yetakchilik qilmoqda — bu yerda 94,7 milliard so‘m qaytarilgan. Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati (12,5 milliard so‘m) va Toshkent shahri (11,5 milliard so‘m) qayd etilgan.

Ma’lumki, 2023-yil 1-maydan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolar uchun qo‘shimcha yengillik joriy etilgan. Unga ko‘ra, ular chakana savdo shoxobchalaridan ayrim mahsulotlarni xarid qilganda odatdagi 1 foizlik keshbek o‘rniga 12 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) miqdoridagi mablag‘ni qaytarib olish imkoniga ega.
Keshbekdan foydalanish tartibi ham soddalashtirilgan: xariddan so‘ng chekdagi QR-kod Soliq qo‘mitasining mobil ilovasi orqali skaner qilinadi va qaytariladigan mablag‘ avtomatik ravishda hisoblab chiqiladi.
Mazkur tizim kam ta’minlangan oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash, aholi xarajatlarini kamaytirish va naqdsiz to‘lovlar ulushini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA