500 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi arafasida yangi, zamonaviy 500 o‘rinli talabalar turar joyining foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, universitet jamoasi, nuroniylar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori Berdiyar Jollibekov so‘zga chiqib, mamlakatimizda yosh avlodning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash va har tomonlama barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, so‘zga chiqqanlar yangi talabalar turar joyining foydalanishga topshirilishi mazkur oliy o‘quv yurti hayotidagi muhim voqealardan biri ekanini, bu maskan talaba-yoshlarning ta’lim olishi va o‘z ustida ishlashi uchun yanada qulay muhit yaratishini aytib o‘tdi.

Zamonaviy talablar asosida qurilgan yangi talabalar turar joyi 500 talabani o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. Bunda talabalarning yashashi, ta’lim olishi, dam olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Tadbir ishtirokchilari yangi talabalar turar joyining ochilish marosimida ishtirok etib, uning xonalari va talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri