4-may – Xalqaro o‘t o‘chiruvchilar kuni
Kutilmaganda sodir bo‘ladigan turli ofatu talafotlar inson hayoti va salomatligi, qolaversa, mol-mulk, ijtimoiy ob’ektlar va infratuzilma holatiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin. Ayniqsa, tilsiz yov deya ta’riflanadigan yong‘inlar bir zumda alanga olib, ko‘lami kengayib ketishi, insonlar va ularning mol-mulklariga katta zarar keltirishi mumkin.
Qandaydir ehtiyotsizlik yoki boshqa sabablar bilan yuzaga keladigan yong‘inlarni tezkorlik bilan bartaraf etishda o‘t o‘chiruvchilarning o‘rni dolzarb ahamiyatga ega. Yong‘inlar vaqtida bu kasb egalaridan katta fidoyilik, jasurlik, qo‘rqmas va kuchli iroda talab etiladi. Ba’zan yong‘inni bartaraf etish, insonlar hayotini saqlashga bel bog‘lagan bu kasb egalari o‘zlarini ham ayamasdan harakat qilishlariga to‘g‘ri keladi. Bunday ofatlar, afsuski, o‘t o‘chiruvchilarning o‘zlariga, jonlariga ham ziyon bo‘lishi mumkin. Shu ma’noda ularni haqiqiy fidoyi va jasur kasb egalari deyish mumkin.
Har yili 4-mayda dunyoda o‘t o‘chiruvchilarning kasb bayramlari nishonlanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Xalqaro o‘t o‘chiruvchilar kuni 1998-yilda Avstraliyadagi yong‘inlarni o‘chirishda halok bo‘lgan hamda boshqa yurtlarda o‘z burchini ado etayotib hayotdan ko‘z yumgan o‘t o‘chiruvchilar xotirasiga hurmat sifatida nishonlana boshlagan.

Darhaqiqat, bu soha vakillarining fidoyiligi va inson hayotini saqlab qolishdagi xizmatlarini qadrlash har doim muhim. Shu bois mazkur sanada dunyo bo‘yicha halok bo‘lgan o‘t o‘chiruvchilar xotirasiga hurmat ko‘rsatiladi. Faoliyat olib borayotgan o‘t o‘chiruvchilarga minnatdorchilik bildirilib, turli tadbirlar, namoyishlar o‘tkaziladi.
Jumladan, O‘zbekistonda ham Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida o‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar ishtirokida bayram tadbirlari o‘tkazilib, eng yaxshi xodimlar taqdirlanadi. Xizmat paytida halok bo‘lgan o‘t o‘chiruvchilar xotirasi yodga olinadi. Shuningdek, yoshlar uchun o‘t o‘chiruv qismlariga ekskursiyalar tashkil qilinib, texnika va jihozlar namoyish qilinadi. Maktablar va tashkilotlarda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi, aholiga favqulodda vaziyatlarda qanday harakat qilish kerakligi o‘rgatiladi.
Bunday tadbirlar fidoyi kasb egalariga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, qolaversa, aholining ehtiyotkorligini oshirish, yong‘in xavfsizligini ta’minlashda alohida ahamiyatga ega hisoblanadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA