35 nafar bitiruvchi muddatidan avval talaba bo‘ldi
Guliston tumani ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ta’lim olayotgan 35 nafar bitiruvchining hammasi muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Bu natija ta’lim muassasasida yo‘lga qo‘yilgan tizimli ish, o‘quvchilarning izchil mehnati hamda ustoz-murabbiylarning samarali ta’lim-tarbiyasi samarasi sifatida qayd etilmoqda.
Ta’kidlanishicha, o‘quvchilar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha Bilim va malakalarni baholash agentligi sertifikatlarini ham muvaffaqiyatli qo‘lga kiritgan.
Eng yuqori natijalarni qayd etgan iqtidorli bitiruvchilar orasida Fotimaizahro Habibullayeva, Suhrobjon Ostonaqulov, Diyorbek Ravshanbekov, Zahroxon Ortig‘aliyeva, Sevinch Qulboyeva, Mirziyo Norqulov, Azamat Abduraimov, Ozodbek Jo‘raqulov, Mirziyo Miryoqubov va Shamshod Shodiyorov 189 ball bilan eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Qolgan bitiruvchilar ham yuqori natijalarga erishib, maksimal ko‘rsatkichga yaqin ball to‘pladi.
– Bu natija, avvalo, o‘quvchilarimizning izchil mehnati, bilimga bo‘lgan intilishi hamda ustozlarimizning fidoyi mehnatining samarasidir. Barcha 35 nafar bitiruvchining muddatidan oldin talabalikka erishgani biz uchun katta faxr, – deydi Guliston tumani ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori G‘olibjon Bozorov.
Mutaxassislar fikricha, ushbu natija ta’lim muassasasida o‘quv jarayoni samaradorligi yuqori ekanini, iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimi izchil yo‘lga qo‘yilganini yaqqol namoyon etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: o‘tgan 2024–2025-o‘quv yilida Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 37 nafar bitiruvchisining barchasi mamlakatimizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan edi. Ularning 19 nafari davlat granti, 18 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida talabalikka erishgan.
Bu natijalar mazkur ta’lim muassasasida ta’lim sifati barqaror yuksalib borayotgani va iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimi samarali yo‘lga qo‘yilganini tasdiqlaydi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri