300 yillik nashvatilar yoxud Sumakning suvli mevasi siri
Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi Sumak qishlog‘iga kelsangiz, bu yer aholisi avvalo sizga tog‘larini ham emas, buloqlarini ham emas, mashhur nashvatisini ko‘rsatishga oshiqadi. Chunki bu qishloqning eng katta boyligi – asrlardan buyon saqlanib kelayotgan, ta’mi va xushbo‘yligi bilan boshqa hech bir joyda takrorlanmaydigan Sumak nashvatisidir.
Yurtimizning har bir hududi o‘ziga xos bir ne’mat bilan mashhur. Samarqand noni, G‘ijduvon shashligi, Qashqadaryo tandir go‘shti kabi Sumak qishlog‘ining ham o‘z ramzi bor. U ham bo‘lsa sersuv, xushta’m va uzoq saqlanadigan mashhur Sumak nashvatisi.
Kitob tumanining tog‘ bag‘rida, musaffo havo va zilol buloqlar og‘ushida joylashgan ushbu qishloqqa qilgan safarimiz davomida avvalo mahallaning eng tajribali bog‘bonlaridan biri Mustafoxon Olimov xonadoniga yo‘l oldik. Sababi oddiy aynan shu bog‘da uch asrlik tarixga ega nashvati daraxtlari hanuz barhayot.
Mustafoxon aka mehnatda toblangan qo‘llari, quyoshda qoraygan yuzi va samimiy tabassumi bilan qarshi oldi. So‘qmoqlar orqali tog‘ etagidagi bog‘ga yo‘l olar ekanmiz, ikki yondagi olma, nok, tut va tokzorlar tabiatning beqiyos ne’matlarini ko‘z-ko‘z qilib turardi.
Nihoyat, ko‘p eshitganimiz – uch asrlik nashvati daraxti qoshida turibmiz.
Tanasiga vaqt izlari muhrlangan bu daraxt hali ham har yili hosil berishi insonni hayratga soladi. Uning har bir shohida o‘tmish bilan bugun o‘rtasidagi ko‘rinmas rishta mujassamdek.
– Ajdodlarimiz bu yerga taxminan 700 yil avval kelib joylashgan. Shundan buyon Sumak nashvatisi yetishtirib kelinadi, – deydi Mustafoxon Olimov. – Ilgari nashvati va kishmish uzumidan tayyorlangan shinnilar ko‘zalarga solinib, karvonlar orqali boshqa yurtlarga ham olib chiqilgan. Bu daraxtlarni kim ekkanini hozirgi avlod bilmaydi. Ammo har gal hosil terganimizda ularning haqqiga duo qilamiz. Bir paytlar bog‘imizda 37 ta shunday keksa daraxt bor edi, hozir 28 tasi saqlanib qolgan. Shu bilan birga, ulardan ko‘chat olib, yana 300 tupdan ortiq nashvati parvarishlayapmiz.
Bog‘bonning ta’kidlashicha, Sumak nashvatisining aynan shu hududda o‘ziga xos ta’m kasb etishi bejiz emas. Tog‘ iqlimi, buloq suvlari, unumdor tuproq va ko‘p asrlik parvarish tajribasi birlashib, uning betakror xususiyatini shakllantirgan. Shuning uchun ham boshqa joylarda ekilgan ko‘chatlar xuddi sumakdagi kabi hosil bermaydi.
Bu yerda deyarli har bir xonadonda nashvati daraxtini uchratish mumkin. Qishloq tarixi ham, aholining turmush tarzi ham shu meva bilan chambarchas bog‘langan.
Mustafoxon akadan uch yuz yillik daraxtning umr siri haqida so‘raymiz.
– Daraxt ham insonga o‘xshaydi. Parvarish qilinsa, umri uzayadi. Har yili eski shoxlarini butab, tagini yumshatib, mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirib turamiz. Shuning uchun daraxt yosh novdalar chiqarib, yana hosil beraveradi, – deydi u.
Fermerning aytishicha, hosildor yillarda bog‘dan 10 tonnagacha nashvati yig‘ib olinadi. Mevaning e’tiborli jihatlaridan biri uni terish jarayoni hisoblanadi.
Oddiy mevalar kabi silkitib yoki shoxidan uzib bo‘lmaydi. Har bir donasi dumchasidan ehtiyotkorlik bilan teriladi. Buning uchun maxsus narvonlardan foydalaniladi. Agar meva lat yesa, uni uzoq saqlab bo‘lmaydi.
Terib olingan nashvatilar ipga tizilib, cho‘g‘ (mevaning dumidan ipga bog‘lanib, osib qo‘yilgan jami hajmi 7-8 keladigan nashvati uyumi) qilinadi va yerto‘lalarda tabiiy sharoitda saqlanadi. Ana shunday usul tufayli ular bahorning oxiri, hatto may oyigacha o‘z ta’mi va xushbo‘yligini yo‘qotmaydi.
Mustafoxon Olimov rahbarlik qilayotgan “Mustafo Murtazaxon o‘g‘li” fermer xo‘jaligi nafaqat noyob nashvatilari, balki sertarmoq bog‘dorchiligi bilan ham ajralib turadi.
Bog‘da to‘qqiz xil navdagi 300 tupdan ziyod nok va nashvati, 400 tupdan ortiq olmaning bir necha navi, shuningdek, tut, qaroli, tok va boshqa mevali daraxtlar parvarishlanmoqda. Fermer xo‘jaligi bog‘dorchilik bilan bir qatorda chorvachilikni ham rivojlantirmoqda.
Daryo bo‘ylab qator tortgan daraxtzorlarga qarar ekansiz, bu yerda tabiat bilan inson mehnati uyg‘unlashib ketganini his qilasiz. Har bir daraxt ortida bir necha avlodning zahmati, tajribasi va sabri mujassam.
[gallery-30503]
Bugun dunyoda geografik brendlar va mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini himoya qilish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Sumak nashvatisi ham nafaqat Qashqadaryoning, balki O‘zbekistonning agrar brendiga aylanish salohiyatiga ega. Chunki uning qiymati faqat ta’mida emas, balki asrlardan buyon saqlanib kelayotgan tarixi, noyob agrotexnikasi va avloddan avlodga o‘tib kelayotgan bog‘bonchilik madaniyatidadir.
Uch yuz yildan buyon meva berib kelayotgan daraxtlar esa inson mehnati va tabiatga ehtirom qanchalik uzoq umr ko‘rishini yana bir bor isbotlab turibdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari