2 ming 469 ta ekologik huquqbuzarlik holati aniqlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi Ekologik nazorat guruhi (Ekopolitsiya) hamda shahar va tuman bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tgan oylari mobaynida davlat ekologik nazorat, aniqlangan huquqbuzarliklar, belgilangan ma’muriy jarimalar, hisoblangan tabiatga yetkazilgan zararlar hamda ularni undirish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirildi.
Bugungi kunda Ekologiya nazorati guruhi hamda shahar va tuman bo‘limlarida 83 nafar davlat inspektori faoliyat yuritadi. Ular tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish va aniqlash, shuningdek, ekologik qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida davlat ekologik nazorati va profilaktika tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida ekologik qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan amalga oshirilgan davlat ekologik nazorati tadbirlari natijasida hududda jami 2 ming 469 ta ekologik huquqbuzarlik holati aniqlandi. Shundan 2 ming 444 ta huquqbuzarlik holati bo‘yicha 2 milliard 972 million 402 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi. 25 ta huquqbuzarlik holati bo‘yicha to‘plangan ish hujjatlari qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun sud organlariga yuborildi.

Atrof-muhitga yetkazilgan zararga kelsak, jami 149 ta huquqbuzarlik holati bo‘yicha 731 million 708 ming so‘m miqdorida zarar hisoblandi. Shundan bugungi kun holatiga 90 ta holat bo‘yicha 204 million 438 ming so‘m miqdoridagi zararning o‘rni qoplanishi ta’minlandi.
Jumladan, ekopolitsiya inspektorlari tomonidan navbatdagi tezkor reyd tadbiri davomida Taxtako‘pir tumani hududida joylashgan “Uch-kuk” ko‘lida Ellikqal’a tumani “Toshkent” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi fuqaro D.U. va “Aqchakul” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Y.Sh.lar tomonidan qonunbuzarlik sodir etilayotgani aniqlandi. Ular o‘zlari bilan olib kelgan 1 dona rezina qayiq hamda 5x5 o‘lchamdagi, har biri 50 metr uzunlikdagi 6 dona taqiqlangan sun’iy sintetik toladan tayyorlangan to‘r yordamida noqonuniy ravishda 41 dona zog‘ora baliq, 1 dona oq sila, 14 dona kumush tovon, 4 dona Orol chavoq baliq, 8 dona ilonbosh balig‘ini ovlash natijasida tabiatga 109 million 592 ming so‘m zarar keltirgani aniqlandi.

Beruniy tumani "Lolazor" ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi davlat zaxira yeridan fuqaro A.Q. tomonidan foydali qazilmalar, ya’ni qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy tarzda, hech qanday ruxsatnomasiz qazib olayotganligi aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 70-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 8 million 240 ming so‘m miqdorida jarima va tabiatga yetkazilgan zarar uchun 15 million 490,5 ming so‘m miqdorida da’vo belgilandi.
Shuningdek, Ekopolitsiyaning Qonliko‘l tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida fuqaro A.N. tomonidan noqonuniy ravishda hech qanday ruxsatsiz qizil miya o‘simlik ildizlarini qazib olganligi aniqlandi. Holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79¹-1-qismi bilan 1 million 236 ming so‘m jarima va tabiatga keltirilgan zarar uchun 5 million 850 ming 400 so‘m da’vo belgilandi.
Atrof-muhitga yetkazilgan zararga kelsak, jami 149 ta huquqbuzarlik holati bo‘yicha 731 million 708 ming so‘m miqdorida zarar hisoblangan, shundan bugungi kun holatiga 90 ta holat bo‘yicha 204 million 438 ming so‘m miqdoridagi zararning o‘rni qoplanishi ta’minlangan.
O‘tkazilgan tahlillar ayrim hududlarda nazorat tadbirlari ko‘lamini kengaytirish, profilaktik ishlarni kuchaytirish va aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha pirovard natijadorlikni oshirish zarurligini ko‘rsatdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri