280 nafar yosh o‘qituvchi ish bilan ta’minlandi
Sirdaryo viloyatida yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash hamda ta’lim tizimiga malakali kadrlarni jalb etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu yo‘nalishdagi amaliy chora-tadbirlar natijasida joriy o‘quv yilida 280 nafar oliy ma’lumotli yosh o‘qituvchi umumta’lim maktablariga ishga qabul qilindi.
Bu haqda Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida “Ish o‘rinlari va daromad: aholi farovonligi uchun nimalar qilindi?” mavzusida ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar va blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Tadbirda ta’kidlanishicha, yosh pedagoglarni maktab tizimiga jalb etish bilan birga ularning kasbiy salohiyatini oshirish, ish sharoitlarini yaxshilash va ta’lim sifatini yuksaltirishga qaratilgan kompleks yondashuv joriy etilmoqda. Bu jarayonda kadrlar zaxirasini shakllantirish va ta’lim muassasalarida barqaror ish o‘rinlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, yangi ish boshlagan o‘qituvchilarni tizimda barqaror saqlab qolish va ularni kasbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida mentorlik (ustoz-shogird) tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tizim orqali tajribali pedagoglar yosh o‘qituvchilarga dars jarayonlarini tashkil etish, metodik yondashuvlar va amaliyotda uchraydigan muammolarni hal etish bo‘yicha doimiy yordam ko‘rsatib kelmoqda.
Bundan tashqari, pedagoglarning malakasini oshirishga qaratilgan tizimli o‘quv va treninglar ham tashkil etilmoqda. Bu esa yosh mutaxassislarning kasbiy o‘sishi, toifa olishi hamda daromadlarining bosqichma-bosqich oshishiga zamin yaratmoqda.

Ma’lum qilinishicha, amalga oshirilayotgan ushbu ishlar ta’lim tizimida kadrlar barqarorligini ta’minlash, sifatli ta’limni rivojlantirish hamda yoshlarni ish bilan ta’minlash siyosatida muhim o‘rin tutadi.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan berilgan savollarga mutasaddilar tomonidan batafsil javoblar berildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA