21 milliard so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi
Raqobat qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “QUYUV-MEXANIKA ZAVODI” aksiyadorlik jamiyati o‘tkazgan eng yaxshi takliflarni tanlash — tender savdolari “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tizimiga kiruvchi mazkur korxona tomonidan jami qiymati 21 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 8 ta tanlov savdosida qonun talablariga rioya etilmagani ma’lum bo‘ldi. Xususan, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablari buzilgani, ya’ni savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki shunga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangan.
Shunga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan buyurtmachi tashkilotga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, belgilangan tartibda tegishli ta’sir choralari qo‘llanildi.
Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Davlat xaridlari sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash byudjet mablag‘larining shaffof va samarali sarflanishida muhim ahamiyatga ega. Bu esa nafaqat davlat manfaatlarini himoya qiladi, balki tadbirkorlik sub’ektlari uchun teng va adolatli raqobat muhitini shakllantirishga ham xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA